
Rossiyada har bir fuqaroga beriladigan bank kartalari soni cheklanishi mumkin
Davlat Dumasi jismoniy shaxs uchun jami 20 ta, bitta bankdan esa 5 tadan ortiq karta ochishni taqiqlovchi qonunni yil oxirigacha qabul qilmoqchi.

Rossiyada fuqarolar tomonidan olinadigan bank kartalari sonini cheklash rejalashtirilmoqda. Davlat Dumasining moliya bozori bo‘yicha qo‘mitasi raisi Anatoliy Aksakovning ta’kidlashicha, 2025 yil oxirigacha bir shaxs uchun umumiy 20 ta karta, bir bankdan esa ko‘pi bilan 5 ta kartaga ruxsat berishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilinishi kutilmoqda.
Bu chora Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina tomonidan avvalroq taklif etilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chegaralanmagan holda karta berish amaliyoti «dropperlik» — ya’ni firibgarlik yo‘li bilan pulni chiqarishda vositachi bo‘ladigan shaxslarning faoliyatini yengillashtirmoqda.
Nabiullina bu cheklov oddiy va halol foydalanuvchilarning huquqlariga zarar yetkazmasligini, ammo kiberjinoyatchilikka qarshi samarali chora bo‘lishini ta’kidladi. Shu bilan birga, dropperlar minglab kartalarni bir shaxs nomiga rasmiylashtirib, ular orqali firibgarlik operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin.
Avgust oyida bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Grigorenko rahbarligidagi apparat «kiberfiribgarlikka qarshi ikkinchi paket» doirasida bir shaxs uchun 10 tadan ortiq karta berishni taqiqlashni taklif etgan edi. Sentyabrda esa Rossiya Markaziy banki ushbu 10 ta limitni qonun bilan mustahkamlash tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Biroq hozirgi paytda hukumat yana dastlabki limit — 20 ta karta chegarasiga qaytmoqda. Qonunning asosiy maqsadi — moliyaviy xavfsizlikni oshirish va kiberjinoyatchilikka qarshi tizimli kurashni tashkil etishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shunday vaqtinchalik taqiq O‘zbekistonda Markaziy bank tomonidan 2025 yilning yanvarida joriy etilgan edi.





