Rossiyada neft kompaniyalari bankrotlikka yuz tutmoqda

18.02.2026 | 08:382 daqiqa

Neft narxi barreliga 40 dollardan pastga tushishi va sanksiyalar kuchayishi Rossiyada kichik ishlab chiqaruvchilarni qiyin ahvolga soldi. Ayrim kompaniyalar bankrotlik jarayoniga kirishmoqda.

Rossiyada neft kompaniyalari bankrotlikka yuz tutmoqda

AQSH sanksiyalari ta’sirida Rossiya nefti narxi barreliga 40 dollar atrofiga tushgani ortidan qator kichik neft kompaniyalari moliyaviy inqirozga duch keldi. «Kommersant» nashri xabariga ko‘ra, «VTB» davlat banki sobiq «SIBUR» aksiyadori Yakov Goldovskiyga tegishli «First Oil» guruhini bankrot deb e’lon qilish niyatida.

Xanti-Mansiysk avtonom okrugi hududida faoliyat yuritadigan mazkur kompaniya qariyb 6 mlrd rubl qarz to‘plagan va uni qoplash imkoniyatiga ega emas. Kompaniya balansida umumiy zaxirasi 14 mln tonna bo‘lgan bir nechta kichik konlar mavjud, yillik qazib olish hajmi esa 500 ming tonnani tashkil qiladi. Manbalarga ko‘ra, biznes holati pandemiya davrida yomonlashgan, yangi sanksiyalar va 30 dollargacha chegirmalar bilan sotish majburiyati esa kompaniyani yanada qiyin vaziyatga solgan.

 

Sanksiya va qarz bosimi

2025 yil oxirida Yamal-Nenetssk avtonom okrugida ishlaydigan «Yangpur» kompaniyasi ham bankrotlik jarayoniga kirdi. U «Belarusneft» manfaatlarini ifodalaydi. Bundan avval Astraxan neft kompaniyasi va «Gorniy» kompaniyasi ham soliq da’volari asosida bankrot bo‘lgan.

«Freedom Finance» tahlilchisi Vladimir Chernovga ko‘ra, eksport tushumlarining qisqarishi va yuqori tannarxli loyihalar neft sektorini zaiflashtirmoqda. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, neft va gaz qazib oluvchi kompaniyalarning yarmi zarar bilan ishlamoqda. Yanvar–noyabr oylarida soha 575 mlrd rubl minusda qolgan. Foydada qolgan kompaniyalar daromadi esa ikki barobarga qisqargan.

 

Inqiroz xavfi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, banklar neft-gaz tarmog‘i uchun 2,7 trln rubl kreditni qayta tuzishga majbur bo‘lgan. Bu iqtisodiyot tarmoqlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Harvard universiteti qoshidagi tadqiqot markazi eksperti Kreyg Kennedi fikricha, 40 dollar atrofidagi narx sharoitida Rossiyadagi konlarning yarmi zarar bilan ishlamoqda. Foydada qolish uchun soliq imtiyozlari talab etiladi. Uning baholashicha, zarar ko‘rayotgan loyihalar har bir barreldan taxminan 5 yo‘qotmoqda.

Avvalroq Rossiyaning eng katta xaridori bo‘lgan Hindiston neft olishni keskin kamaytirgan, 150 million barrel neft dengizda qolib ketgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid