
Rossiyada qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonliklar bepul turar joy bilan ta’minlanadi — Migratsiya agentligi
Migratsiya agentligining Rossiyadagi Vakolatxonasi qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga 30 kungacha bepul turar joy va ijtimoiy yordam taqdim etish mexanizmlarini joriy etdi.

Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan paytda moliyaviy qiynalish, turar joysiz qolish, tazyiq, majburiy mehnat yoki zo‘ravonlikka duch kelgan o‘zbekistonlik fuqarolar endi davlat yordamiga murojaat qilishi mumkin. Migratsiya agentligining Rossiyadagi Vakolatxonasi Moskva va Moskva shahridagi o‘n beshga yaqin xostel va sutkalik mehmonxonalar bilan tegishli shartnomalarni imzoladi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, murakkab moliyaviy ahvolga tushib, turar joysiz qolgan fuqarolar Vakolatxonaga shaxsan murojaat qilsa, vaziyat o‘rganilgandan so‘ng ularga o‘ttiz kungacha bepul turar joyda yashash imkoniyati beriladi.
Vakolatxona Moskva shahrida, 1-Kazachiy tor ko‘chasi 11/2 uy manzilida joylashgan bo‘lib, metro Polyanka bekatiga yaqin hududda faoliyat yuritadi.
Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda mamlakatning Shimoli-g‘arbiy hududlari — Ural, Sibir, Uzoq Sharq va Janubiy okruglarda ham xostel va mehmonxonalar bilan shartnomalarni kengaytirish ishlari davom etmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 252-sonli qaroriga asosan, xorijda ishlayotgan fuqarolar uchun yordam mexanizmlari umumlashtirilgan va qo‘shimcha xizmat turlari joriy etilgan. Agentlikning saytida ko‘rsatiladigan yordam paketlari haqida ma’lumot berilgan.





