
Rossiyada uysizlar urushga yuborilgani aniqlandi
Rossiya huquq-tartibot organlari uysizlarni Ukraina urushiga yollab, ular nomiga to‘lanadigan mablag‘larni o‘zlashtirgan uyushgan jinoiy guruhni qo‘lga oldi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Chelyabinsk va Sverdlovsk oblastlarida faoliyat yuritgan etnik jinoiy guruh front uchun odam yollashni firibgarlik sxemasiga aylantirgan. To‘da ijtimoiy hayotdan chetlashgan, turar joyi yo‘q shaxslarni izlab topib, ularga vaqtinchalik manzil taklif qilgan va Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishga ko‘ndirgan.
Shartnoma imzolangandan keyin yollanganlarni ishonchnoma berishga yoki qo‘shimcha bank kartalari ochishga majburlashgan. Bu esa jinoyatchilarga hisob raqamlariga to‘liq kirish imkonini bergan. Guruh tarkibida «yangi askarlar» bilan soxta nikoh tuzib, ular yaralangan yoki halok bo‘lgan taqdirda to‘lovlarni qo‘lga kiritishni ko‘zda tutgan ayollar ham bo‘lgan.
Ayblovga ko‘ra, to‘da harakatlari O‘ta yirik miqdordagi firibgarlik deb baholangan va 159-moddaning 4-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu modda uchun eng yuqori jazo 10 yil ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi. Tergov doirasida 25 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan yetti kishi qamoqqa olindi. Uylarida o‘tkazilgan tintuvlar chog‘ida uchta avtomobil, 60 ga yaqin mobil telefon hamda bank va sim-kartalar musodara qilingan. Yetkazilgan zarar hajmi hozircha aniqlanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu bir hafta ichida fosh etilgan ikkinchi shunga o‘xshash holat. 22-noyabr kuni Rosgvardiya Moskvada «maxsus harbiy operatsiya faxriylari»ni o‘g‘irlab, ular va ularning yaqinlaridan pul talab qilgan boshqa uyushgan guruhni qo‘lga olganini bildirgan. Ushbu tarkibda «Batal-Hoji» terrorchilik tashkiloti a’zosi Ruslan Kartoyev ham bo‘lgani aytilgan.
Oktyabr oyida esa sud Ukraina urushi ishtirokchilarini aeroportlarda va barlarda aldab puldan yuvib kelgan 30 ga yaqin shaxsni qamoqqa olgan. Ular frontdan qaytayotgan harbiylarni «faxriy» sifatida aniqlab, tovlamachilik va o‘g‘rilikka asoslangan tizim orqali pul undirgan. Ayrim hollarda taksi haydovchilari yo‘l haqini bir necha barobar qo‘shib ko‘rsatib, to‘lovdan bosh tortgan askarlarni bank kartalarini tortib olish orqali qo‘rqitgani ma’lum qilingan.





