Ro‘zadorga iftor qilib berilsa, ro‘zador savobicha ajrga erishiladimi?

27.02.2026 | 05:001 daqiqa

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ushbu amalning fazilatlari va uni amalga oshirishning eng afzal yo‘llari haqida ma’lumot berdi.

Ro‘zadorga iftor qilib berilsa, ro‘zador savobicha ajrga erishiladimi?

Islom dinida ro‘zadorga iftorlik qilib berish katta savob ishlardan. Hatto bitta xurmo, yo bir qultum suv, yo bir ho‘plam sut bilan bo‘lsa ham, ro‘zadorni iftor qildirish katta ajrga sabab bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi batafsil ma’lumot berdi

«Dinimizda ro‘zadorga iftorlik qilib berish katta savob ishlardan. Hatto bitta xurmo, yo bir qultum suv, yo bir ho‘plam sut bilan bo‘lsa ham, ro‘zadorni iftor qildirish katta ajrga sabab bo‘ladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deganlar: «Kim ro‘zadorga iftor qilib bersa, ro‘zador savobicha savobga erishadi. Lekin ro‘zadorning savobidan hech narsa kamaymaydi» (Imom Termiziy rivoyati).

Bugungi kunda iftorlik qilib berishni niyat qilganlar muhtoj qarindosh va qo‘ni qo‘shnilariga pul yoki mahsulot shaklida iftorlikni yetkazib bersalar, ayni muddao bo‘ladi va mazkur hadisi sharifda zikr qilingan savobga erishadilar.

Lekin shuni ham ta’kidlash kerakki, bu ish qanchalik savobi ulug‘ bo‘lmasin, ro‘zadorga iftorlik qilib bergan kishining zimmasidan ro‘zani soqit qilmaydi. Chunki Ramazon oyida har bir sog‘lom musulmon kishi ro‘za tutishligi farzdir. Alloh taolo Qur’oni karimda: «Sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin», – deb buyurgan (Baqara surasi, 185-oyat). Vallohu a’lam», - deyiladi Fatvo markazi bayonotida.

Teglar

Mavzuga oid