Rubl keskin quladi: Rossiya milliy valutasi so‘nggi yarim yildagi minimumga tushdi
AQSH sanksiyalari yumshatilgani va neft narxi oshganiga qaramay, rubl qadrsizlanishda davom etmoqda. Rossiya xazinasidagi ulkan «tuynuk» va valuta sotuvining to‘xtatilgani bozorni shokka tushirdi.

Juma kuni Moskva birjasida Xitoy yuani kursi 11,69 rublga (so‘nggi 6 oydagi maksimum) ko‘tarildi. Birjadan tashqari bozorda dollar 80,66 rubl, yevro esa 92,47 rubldan sotilmoqda. Mart oyi boshidan buyon rubl yuanga nisbatan 5 foiz, dollarga nisbatan 4 foiz qiymatini yo‘qotdi, deb yozmoqda «The Moscow Times» nashri.
Inqiroz sabablari
Tahlilchilarning fikricha, rublning qulashiga bir nechta omillar ta’sir qilmoqda:
Valuta sotuvining to‘xtashi: Rossiya Moliya vazirligi 6-martdan boshlab Milliy farovonlik jamg‘armasidan (MFJ) valuta sotishni to‘xtatdi. Bungacha budjet taqchilligini yopish uchun oyiga 2 mlrd dollarlik rekord miqdorda valuta bozorga chiqarilayotgan edi.
Budjetdagi «tuynuk»: «Ivolga Kapital» bosh direktori Andrey Xoxrinning ta’kidlashicha, kuchli rubl surunkali budjet taqchilligiga to‘g‘ri kelmaydi. Yanvar-fevral oylarida budjetdagi taqchillik 3,5 trln rublga yetdi, hukumat xarajatlari esa daromadlardan ikki barobar ko‘p bo‘ldi.
Yuan taqchilligi: Banklar o‘rtasida yuan taqchilligi yuzaga kelib, kredit stavkalari 1 foizdan 7–11 foizgacha ko‘tarilgan.
Kelajakdan umid bormi?
Eron urushi tufayli neft narxining 70–80 dollargacha ko‘tarilishi rublni qutqarishi mumkin. «Alor Broker» tahlilchisi Igor Sokolovning prognoziga ko‘ra, aprel oyiga borib xomashyo eksportidan tushadigan ko‘paygan valuta tushumi bozorga kirib keladi va rubl kursini biroz mustahkamlaydi. Biroq VTB ekspertlari MFJ zaxiralarining likvid qismi urush boshlangandan beri 2,5 barobarga qisqarganini, valuta aktivlari esa 2008 yildan beri eng past darajaga tushganini ogohlantirmoqda.
O‘zbekistonda ham Markaziy bank tomonidan 16-martga belgilangan kursga ko‘ra, 1 Rossiya rubli bidaniga 2 so‘m 64 tiyinga arzonlashib, 150 so‘m 44 tiyin darajasida qayd etildi.





