«Samarqand noni» tovar belgisi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
2025-yilning fevral oyida «Samarqand noni» geografik ko‘rsatkich sifatida ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi.
© Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta«Samarqand noni» brendi rasman tovar belgisi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur nomning tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mahsulotning o‘ziga xosligini e’tirof etish, milliy gastronomik merosimizni asrash hamda uning bozordagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu qadam milliy brendlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ularning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun, bundan avvalroq — 2025 yilning fevral oyida «Samarqand noni» geografik ko‘rsatkich sifatida ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi.
Amaldagi «Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida»gi qonunga binoan, tovar belgisiga doir guvohnoma 10 yil muddatga beriladi.
O‘z tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish istagida bo‘lganlar Adliya vazirligining rasmiy im.adliya.uz sayti orqali onlayn tarzda ariza topshirishlari mumkin.





