
Samarqand noyabr oyida yana bir xalqaro anjumanga mezbonlik qiladi
BMTning Jenevadagi bo‘limida O‘zbekiston mezbonlik qiladigan CITES COP20 konferensiyasiga tayyorgarlik yuzasidan brifing o‘tkazildi. Samarqanddagi forum 2025 yilning eng yirik ekologik tadbirlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkilotining bo‘limida noyabr oyida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiyaning 20-konferensiyasiga (CITES COP20) tayyorgarlikka bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.
Tadbirda xalqaro tashkilotlar, diplomatik missiyalar va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi ekspertlarni o‘z ichiga olgan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. O‘zbekiston nomidan BMTning Jenevadagi bo‘limi huzuridagi doimiy vakil Eldiyor Toshmatov ishtirok etdi.
CITES bosh kotibi Ivonn Iguyero ta’kidlashicha, Samarqanddagi forumda 185 ta davlatdan 3 mingga yaqin delegat qatnashadi. Unga ko‘ra, bu tadbir Konvensiya tarixidagi eng yirik yig‘inlardan biri bo‘lib, 2025 yilning eng muhim ekologik voqealaridan biri sifatida qayd etiladi. Shuningdek, CITES Doimiy qo‘mitasining 79- va 80-majlislari ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Samarqand yovvoyi tabiatni asrash bilan shug‘ullanuvchi barcha uchun e’tibor markaziga aylanadi. U yerda xalqaro savdoni yanada mas’uliyatli va barqaror qilish yo‘llarini muhokama qilamiz», — dedi Iguyero. U, shuningdek, O‘zbekistonning «yashil» rivojlanish siyosati mamlakat strategik taraqqiyotining ajralmas qismiga aylanganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston tomoni konferensiyaga tayyorgarlik jarayonida amalga oshirilayotgan ishlarni namoyish etdi. Hozirga qadar 110 dan ortiq parallel tadbir — seminar, ko‘rgazma va tematik sessiyalar rejalashtirilgan. Kun tartibiga 114 ta masala, 149 ta ishchi hujjat va Konvensiya Ilovalarini yangilash bo‘yicha 51 ta taklif kiritilgan.

Brifing davomida Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda olib borilayotgan ekologik islohotlar ham eslab o‘tildi. Xususan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, ekotizimlarni tiklash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga doir innovatsion yechimlar amalda qo‘llanilayotgani qayd etildi.
Tadbir yakunida CITES kotibiyati vakillari ishtirokchilarga konferensiyaning tuzilmasi va asosiy mavzularini taqdim etdi. Ular Konvensiyani amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish, noyob turlarni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalarini o‘z ichiga oladi.





