
Sanksiyalar Amerika biznesiga ham qattiq zarba berdi
AmCham prezidentiga ko‘ra, Rossiyaga qarshi sanksiyalardan AQSH ishbilarmon doiralari $100 mlrd zarar ko‘rgan.

G‘arbning Rossiyaga nisbatan kiritgan sanksiyalaridan AQSH ishbilarmon doiralari taxminan 100 milliard dollar miqdorida zarar ko‘rgan. Bu haqda Rossiya Federatsiyasidagi Amerika Savdo Palatasi (AmCham) prezidenti Robert Eydji RTVI telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar uchun qo‘ldan boy berilgan potentsial imkoniyatlarni hisobga olgan holda, umumiy yo‘qotishlar $300 milliardga yaqinlashadi.
Robert Eydjining ta’kidlashicha, AQSH tadbirkorlariga Rossiya qo‘llagan qarshi choralar emas, balki Vashingtonning o‘z sanksiyalari jiddiyroq moliyaviy ziyon yetkazgan. U ushbu zarbaning kuchini o‘n balli shkala bo‘yicha 8 ball deb baholadi. Rossiyaning javob cheklovlari esa, uning fikricha, atigi 5 ball bilan baholanadi.
AmCham prezidenti shuningdek, Rossiya iqtisodiy tizimi joriy cheklovlarga moslasha olganini, ammo Amerika biznesi hanuz jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotganini qayd etdi.
Amerika Savdo Palatasi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning tez orada bekor qilinishiga umid bildirgan.
Shu bilan birga, Robert Eydji AQSHning amaldagi prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolamaguncha cheklovlarni bekor qilishga rozi bo‘lishi dargumonligini qo‘shimcha qildi.




