«SAT»dan 1200 ball olgan abituriyentlar imtihonsiz talaba bo‘ladi — BMBA
Xalqaro testda yuqori natija qayd etgan yoshlar davlat grantiga qo‘shimcha ravishda bevosita o‘qish imkoniga ega bo‘ladi.

Joriy yildan boshlab «Scholastic Aptitude Test — SAT» xalqaro imtihonida 1200 va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlar imtihon topshirmasdan oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinadi. Bu haqda 25-fevral kuni Bilimni va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkazilgan anjumanda ma’lum qilindi.
Qo‘shimcha grant o‘rinlari ajratiladi
Agentlik rasmiylariga ko‘ra, mazkur tartib qo‘shimcha davlat granti asosida amalga oshiriladi. Ya’ni yuqori natija qayd etgan abituriyentlar kirish sinovlarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri talabalikka qabul qilinadi.
Agentlik departament boshlig‘i Javlonbek Nurmatovning ta’kidlashicha, SAT imtihonida 75 foiz natijaga teng bo‘lgan — 1200 va undan yuqori ball olgan yoshlar ushbu imtiyozdan foydalanishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xalqaro sertifikat milliy qabul tizimiga integratsiya qilingan muhim yangilik hisoblanadi.
Imtiyozdan foydalanish uchun abituriyentlar o‘z SAT sertifikatini DI kodini agentlikka yuborishi shart. Sertifikat natijalari rasman tasdiqlanganidan so‘ng qabul jarayoni amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, SAT sertifikatida ko‘rsatilgan fanlar — matematika va ingliz tili — bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kirish imtihonlari fanlari majmuasi tarkibida mavjud bo‘lgan barcha yo‘nalishlarga tatbiq etiladi. Bu esa yuqori ball olgan yoshlarga keng tanlov imkoniyatini yaratadi.
Yangi tartib xalqaro baholash tizimlarini rag‘batlantirish va iqtidorli abituriyentlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani ta’kidlandi.





