Logo

Saudiyaga zarbalar yana kuchaydi: Yamandagi urush nega tugamayapti?

Kecha 22:007 daqiqa

2022-yildan buyon zo‘rg‘a ushlab turilgan mo‘rt sulh butunlay chil-parchin bo‘ldi: Yaman husiylari Saudiya Arabistonining strategik obyektlari va aeroportlariga ketma-ket halokatli zarbalar berdi. Ayniqsa, Ar-Riyod aeroportiga tushgan raketalar so‘nggi 10 yil ichidagi eng og‘ir qurbonliklarga sabab bo‘lib, 13 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, yuzlab odamlar jarohatlandi.

Saudiyaga zarbalar yana kuchaydi: Yamandagi urush nega tugamayapti?

Yaman husiylari 2026-yilning 6-oktabridan 12-oktabriga qadar Saudiya Arabistoni hududiga raketa va dronlar bilan kamida 10 ta zarba berdi. Hujumlar mamlakatning bir nechta aeroportlari hamda neft-gaz infratuzilmasi obyektlarini nishonga oldi. Mazkur zarbalar to‘lqini qirollik uchun so‘nggi o‘n yillikdagi eng halokatlisi bo‘ldi. Ayniqsa, Ar-Riyod aeroportiga berilgan zarba eng katta yo‘qotishlarga olib keldi: 13 kishi (jumladan, turli davlat fuqarolari) halok bo‘ldi va 300 dan ortiq inson jarohatlandi.

Husiylar avvallari ham – qirollikning 2015 yildan 2022 yilgacha davom etgan Yaman ichki fuqarolar urushiga aralashuvi davrida Saudiya shaharlarini o‘qqa tutgan edi. Keyinroq sulh tuzilib, 2022 yildan boshlab husiylar va Saudiya Arabistoni vaziyat keskinlashishidan qochib kelayotgandi. Biroq 2026 yilga kelib bu mo‘rt sulh uzil-kesil barbod bo‘ldi va urush qaytadan alanga oldi.

Ko‘rfaz arab monarxiyalarining Yaman husiylariga qarshi kurashini Yamandagi hokimiyat uchun kurash, mintaqaviy raqobat hamda Eron va uning raqiblari o‘rtasidagi ziddiyatlar chigallashib ketgan yanada chuqurroq nizoning ko‘rinishi sifatida baholash lozim. Yamandagi bugungi mojaroning asl sabablaridan biri hokimiyat talashish oqibatida yanada chuqurlashgan ichki davlatchilik inqirozidir. Husiylar yoki «Ansorulloh» harakati mamlakat shimolida, Yamanda tarixan ildiz otgan shia islomining diniy oqimi bo‘lmish zaydiylar orasida shakllangan. Ularning siyosiy faolligi 2000-yillarda, harakat tarafdorlari prezident Ali Abdulla Solih siyosatiga qarshi chiqib, markaziy hukumatni korrupsiyada, shimoliy hududlarni kamsitishda hamda AQSH va Saudiya Arabistoniga siyosiy qaramlikda ayblagan paytda kuchaydi. 2011 yilda Yamanda bo‘lib o‘tgan ommaviy namoyishlardan so‘ng, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi vositachiligida hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish rejasi amalga oshirildi: prezident Solih hokimiyatni o‘z o‘rinbosari Abd Rabbo Mansur Hodiyga topshirishga rozi bo‘ldi. Shu tariqa, Yaman Liviya va Suriya bosib o‘tgan halokatli ssenariydan qutulib qolgandek tuyuldi. Biroq «Arab bahori» va rahbarning o‘zgarishi Yamanning qashshoqlik, korrupsiya va separatizm kabi muammolarini hal qilmadi, aksincha, markaziy hokimiyatni o‘ta zaiflashtirib qo‘ydi. Yangi hukumat vakolatlar, resurslar va daromadlarni taqsimlash masalasida turli siyosiy guruhlar bilan kelisha olmadi. Mamlakatni federalizatsiya qilish urinishi esa husiylarning noroziligini keltirib chiqardi. Ular yetarli resurslar va siyosiy ta’sirga ega bo‘lmagan, iqtisodiy jihatdan qoloq mintaqada qolib ketishdan xavfsiragan edi. Oqibatda ichki inqiroz qurolli to‘qnashuvga aylanib ketdi.

2014 yilda husiylar hukumatning zaifligidan foydalanib, poytaxt Sano shahrini egallab oldi. Ular asosiy davlat muassasalari ustidan nazorat o‘rnatdi, amaldagi prezident Hodiy esa Saudiya Arabistoniga qochib o‘tdi. Ar-Riyod janubiy chegaralarida qirollik hududiga tahdid sola oladigan qurollangan shia harakati paydo bo‘lishiga toqat qilishga tayyor emasdi. Saudiyaliklar nafaqat Eron ta’sirining kengayishidan, balki husiylarning hokimiyatni bosib olishi mintaqaviy kuchlar muvozanatiga ta’sir qilishidan ham xavfsirardi. 2015 yilning martida Saudiya Arabistoni Hodiy hukumatini tiklash tashabbusi bilan chiqdi va husiylarga qarshi 9 davlatdan iborat harbiy koalitsiyaga bosh bo‘ldi. Yirik quruqlikdagi qo‘shinlarni saudiyaliklarning o‘zi (150 ming), BAA (15 ming) va Sudan (40 minggacha) ajratdi. Bahrayn, Quvayt, Qatar, Marokash va Iordaniya esa harbiy aviatsiya bilan ta’minladi.

Eronning bu mojaroga aralashuvi haqida gap ketganda, buni, eng avvalo, mintaqaviy raqobat va Tehronning Fors ko‘rfazidagi raqiblari yanada kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka intilishi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish lozim. Husiylarni qo‘llab-quvvatlash Eronga to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvlarga bormasdan turib, o‘zining strategik pozitsiyalarini mustahkamlash va Saudiya Arabistoniga qo‘shimcha bosim o‘tkazish omili yaratish imkonini berdi. Shu bilan birga, husiylar hech qachon shunchaki Eron siyosatining quroli bo‘lgan emas: harakat o‘zining siyosiy maqsadlarini, ichki kun tartibini va qaror qabul qilishdagi sezilarli mustaqilligini saqlab qoldi. Bunda ular, eng avvalo, hokimiyat uchun kurash va Yamanda o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash manfaatlaridan kelib chiqib harakat qiladi.

Yamanning siyosiy boshqotirmasini harbiy yo‘l bilan hal etish koalitsiyaning qo‘lidan kelmadi. Aviazarbalar va o‘qqa tutishlar infratuzilmani vayron qildi, ammo chet el aralashuviga qarshi xalq qarshilik kuchiga aylangan husiylarni qo‘llab-quvvatlashning ijtimoiy sabablarini bartaraf eta olmadi. Asta-sekin husiylar raketalar va dronlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi, natijada mojaro faqat Yaman hududi bilan cheklanmay qoldi. Raketa va dronlar Saudiya Arabistoni hamda Birlashgan Arab Amirliklari shaharlarigacha yetib bora boshladi.

Birlashgan Arab Amirliklarining ishtiroki dastlab umumiy kampaniyaning bir qismi edi, ammo bora-bora o‘z mantiqiga ega bo‘ldi. Abu-Dabi nafaqat husiylarni zaiflashtirishga, balki Yaman janubida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga, dengiz yo‘llari xavfsizligini ta’minlashga hamda Bob ul-Mandab bo‘g‘ozi va Adan ko‘rfaziga tutash hududlarda o‘z ta’sirini kengaytirishga intilardi. Shu sababli Amirliklar mahalliy qurolli tuzilmalarni, jumladan, janub xavfsizlik kuchlarini va janub mustaqilligi tarafdori bo‘lgan Janubiy o‘tish kengashiga aloqador bo‘linmalarni tayyorlash va qurollantirishga urg‘u berdi.

Aynan shu yerda husiylarga qarshi koalitsiya ichidagi asosiy ziddiyat yuzaga qalqib chiqdi. Saudiya Arabistoni rasman Yamanning hududiy yaxlitligini va xalqaro miqyosda tan olingan hukumatni qo‘llab-quvvatlardi, Birlashgan Arab Amirliklari esa bir qismi janubning ajralib chiqishini istaydigan kuchlarni mustahkamlayotgan edi. Bundan tashqari, Abu-Dabi husiylarning nufuzli dushmanlaridan biri – «Musulmon birodarlar»ga aloqador «Isloh» partiyasiga shubha bilan qarardi. Mohiyatan, rasman bir urushda ishtirok etayotgan ittifoqchilar Yamanda turli siyosiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlayotgan edi va bu holat butun boshli kampaniyaning «muvaffaqiyatiga» o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.

2020 yillarning boshlariga kelib, Saudiya Arabistoni urushni davom ettirish g‘alabani kafolatlamasligini tobora yaqqol anglab bordi. 2022 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vositachiligida erishilgan sulh jangovar harakatlar shiddatini pasaytirdi, biroq mojaroning asosiy muammolarini hal qilmadi. Yaman tarixining murakkabligi shunga olib keldiki, bir vaqtlar keng qamrovli bo‘lgan koalitsiyani sekin-asta qariyb barcha ishtirokchilar tark etdi va Saudiya Arabistoni yolg‘iz qoldi.

Qizig‘i shundaki, Yaman zamonaviy husiylar harakati paydo bo‘lishidan ancha oldin ham mintaqaviy qarama-qarshiliklar maydoniga aylangan edi. 1962 yilda imom Ahmadning vafoti va Yaman Arab Respublikasi e’lon qilinishiga olib kelgan harbiy to‘ntarishdan so‘ng, respublika tuzumi tarafdorlari va ag‘darilgan monarxiya tarafdorlari o‘rtasida fuqarolar urushi boshlandi. Ichki mojaro tezda xalqaro tus oldi, chunki tomonlarning har birini tashqi kuchlar qo‘llab-quvvatlay boshladi. Jamol Abdul Nosir rahbarligidagi Misr respublikachilarga yordam berish uchun qo‘shin yubordi. Qohira uchun bu arab dunyosidagi yetakchilik uchun kurashning davomi va Arabiston yarimoroliga o‘z ta’sirini yoyib, mintaqadagi monarxiyalarga bosimni kuchaytirish urinishi edi. Ma’lum bir davrda Yamandagi Misr harbiy kontingentining soni o‘n minglab kishiga yetdi, jangovar harakatlar esa katta moliyaviy va harbiy resurslarni talab qildi.

Saudiya Arabistoni esa, aksincha, o‘z chegaralari yaqinida Nosir ta’sirining kuchayishidan xavfsirab, monarxiya tarafdorlarini qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa, Yaman urushi Misr va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi kengroq raqobatning bir lavhasiga aylandi, mamlakatning siyosiy tuzumi uchun mahalliy kurash esa xalqaro oqibatlarga ega mojaroga aylanib ketdi.

O‘sha urushning asosiy sabog‘i shundan iborat ediki, tashqaridan aralashuv hech kimga ko‘zlangan natijaga erishishga yordam bermadi. Misr ulkan harbiy-texnik ustunlikka ega bo‘lsa-da, hatto «Nosir Viyetnami» deb atalgan uzoq va toliqtiruvchi urushga duch keldi. 1967 yilda Isroil bilan bo‘lgan Olti kunlik urushdagi mag‘lubiyatdan so‘ng, Qohira Yamandan o‘z qo‘shinlarini olib chiqa boshladi. 1970 yilda Saudiya Arabistoni respublika hukumatini tan oldi va mojaroning asosiy ishtirokchilari siyosiy yechimga o‘tdi.

Yaman tarixi barqaror bir qonuniyatni ko‘rsatadi: markaziy hokimiyatning zaifligi ichki kurashlar uchun sharoit yaratadi, mamlakatning geografik joylashuvi esa mintaqaviy kuchlar muvozanati va dengiz kommunikatsiyalarini nazorat qilishdan manfaatdor bo‘lgan tashqi o‘yinchilarni jalb qiladi. O‘z navbatida, bu o‘yinchilarning aralashuvi fuqarolar urushining xususiyatini o‘zgartiradi, vayronagarchiliklar ko‘lami va miqyosini kengaytiradi hamda ko‘pincha siyosiy yechim topishni yanada murakkablashtiradi.

Shunday qilib, 2015 yildan boshlab Saudiya Arabistoni o‘z chegaralaridagi tahdidni bartaraf etishga intildi, Birlashgan Arab Amirliklari esa bir vaqtning o‘zida ham husiylarni zaiflashtirishga, ham mamlakat janubida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga harakat qildi. Ammo ularning maqsadlaridagi tafovut husiylarga qarshi lagerning parchalanishiga sabab bo‘ldi. Eron o‘zining mintaqaviy raqiblariga bosimni kuchaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ldi, garchi husiylar harakati mavjudligining sabablari, eng avvalo, Yamanning o‘z tarixi bilan bog‘liq bo‘lsa-da.

2026 yil kuzida Saudiya Arabistoniga berilgan og‘riqli zarbalar shuni yaqqol ko‘rsatadiki, agar raqib o‘zining siyosiy tayanchini va asimmetrik harakatlar qilish qobiliyatini saqlab qolsa, harbiy ustunlik strategik xavfsizlikni kafolatlay olmaydi. Bu ma’noda Yaman 1960 yillar saboqlarini takrorlamoqda: tashqi kuchlar urushning borishini o‘zgartirishga qodir, lekin uning yakuniy natijasini emas. Boshqa tomondan, mamlakatni yagona boshqaruv ostida birlashtirish na husiylarning, na ularning raqiblarining qo‘lidan keladi... Ichki mojaro adolatli siyosiy yechim topmas ekan, Yaman nafaqat fuqarolar urushi maydoni, balki mintaqa uchun nizo manbai bo‘lib qolaveradi. Barqarorlikka faqatgina kuch ishlatish orqali erishish urinishlari esa mahalliy qarama-qarshilikning yanada keng ko‘lamli mojaroga aylanib ketish xavfini tug‘diradi va uning oqibatlari Arabiston yarimoroli sarhadlaridan chetga chiqib ketishi tayin.

Teglar

Mavzuga oid