
Sem Altmanning qarshiligiga qaramasdan «ChatGPT»da reklama joriy qilishmoqchi
«OpenAI» kompaniyasi «ChatGPT»ning bepul va arzon tariflarida reklama sinovini boshlaydi — bu kompaniya uchun moliyaviy burilish nuqtasi.

«OpenAI» kompaniyasi 2026 yil yanvar oyida AQSHdagi ayrim foydalanuvchilar uchun «ChatGPT» ilovasida reklama joylashtirishni test tartibida boshlashini e’lon qildi. Reklama, avvalo, bepul versiyadan foydalanuvchilar va yangi, arzonroq «Go» tarifini tanlagan abonentlarga ko‘rinadi. Qimmatroq obuna paketlari esa reklamaciz qoladi.
«Go» tarifi oyiga 8 dollar etib belgilangan bo‘lib, avval Hindistonda ishga tushirilgan, endi esa AQSH bozoriga ham chiqarilmoqda. Kompaniya ta’kidlashicha, reklamalar chat javoblaridan alohida, aniq ajratilgan holda joylashtiriladi va kontentga bevosita aralashmaydi. «OpenAI» bunday format foydalanuvchilarga xarid qarorlarini ongliroq qabul qilishga yordam berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Bu qaror «OpenAI» uchun strategik ahamiyatga ega. «Bloomberg» nashrining qayd etishicha, kompaniya kutilayotgan IPO oldidan daromad manbalarini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, sun’iy intellekt infratuzilmasi juda katta xarajat talab qilayapti: ma’lumotlarga ko‘ra, «OpenAI» yaqin yillarda data-markazlar va chiplar uchun taxminan 1,4 trln dollar sarflash majburiyatini olgan.
Hozirga qadar «ChatGPT» asosan obunalar hisobiga yashab keldi. Haftalik auditoriyasi 800 mln nafardan oshib ketganiga qaramay, kompaniya yaqin bir necha yil ichida foydaga chiqishi qiyin ekani aytilamoqda. Shu nuqtayi nazardan, reklama — moliyaviy bosimni yumshatish vositasi sifatida qaralmoqda.
Qizig‘i shundaki, «OpenAI» bosh direktori Sem Altman ilgari reklamaga nisbatan ochiqcha salbiy munosabat bildirgan. U buni «eng so‘nggi chora» deb atab, reklama chat-botga bo‘lgan ishonchni susaytirishi mumkinligidan xavotir bildirgan edi. Altmanga ko‘ra, foydalanuvchi javob ortida kimning pul to‘lagani haqida o‘ylab qolishi xavfli tendensiya.
Shu bilan birga, raqobat kuchayib bormoqda. Masalan, «Google» o‘zining sun’iy intellekt mahsulotlarida reklama elementlarini joriy etishni allaqachon boshlagan. Bu esa «OpenAI»ni tamoyillar va moliya o‘rtasida murakkab tanlov qilishga majbur qilayotganini ko‘rsatadi.





