Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi 11 yilga qamaldi

25.02.2026 | 14:492 daqiqa

Zomin tuman sudi Sharof Rashidov tumani sobiq hokimini pora olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topdi.

Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi 11 yilga qamaldi

Jizzax viloyatidagi Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi M. X. 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

2025 yilning iyun oyida Sharof Rashidov tumani hokimi hokimlik bosh mutaxassisi bilan birga tadbirkordan 30 ming dollar pora olgani uchun qo‘lga olingangan edi.

Qayd etilishicha, Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumani hokimligining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bo‘limi bosh mutaxassisi qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbarining ishonchiga kirib, unga tuman hokimining tegishli qarori bilan «Tokchilik» MFY hududida umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosini barpo etish uchun ajratilgan 1,7 gektar yer maydonida 8 ta ko‘p qavatli uylar qurilishiga ruxsat olib berishi evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilgan va 5-iyul kuni bosh mutaxassis so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSH dollarini olib, tuman hokimiga bergan.

8-iyul kuni esa tadbirkordan qolgan 20 ming AQSH dollarini ham olgan va unga ko‘p qavatli uy qurish uchun hokim tomonidan ruxsat berilgan hujjatlarni taqdim etgan.

So‘ngra bosh mutaxassis hokimiyat binosi oldida tuman rahbari bilan uchrashib, 10 ming AQSH dollarini bergan vaqtida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudi chiqargan sud hukmiga ko‘ra, sobiq hokim M. X. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «b», «v», «g» bandlari, 206-moddasi 1-qismi, 210-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 229-4-moddasi 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan.

U o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, pora olish va yer berish tartibini buzish kabi ayblovlar bilan javobgarlikka tortilgan.

Hukmga muvofiq, M. X. 3 yil muddatga hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Shuningdek, unga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida jarima tayinlandi va 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Mazkur jinoyat ishi doirasida tuman hokimligining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi bo‘lib ishlagan N. I. ham aybdor deb topildi. U Jinoyat kodeksining 28 va 210-moddalari 3-qismi «a»bandiga asosan javobgarlikka tortildi.

Sud qaroriga ko‘ra, N. I. 2 yil muddatga davlat organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi hamda 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Har ikki sudlanuvchi jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.

Birinchi instansiya sudi hukmi ustidan belgilangan tartib va muddatda Jizzax viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berish mumkinligi ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid