add

Shavkat Mirziyoyev BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri bilan uchrashdi

28.11.2025 | 12:261921 daqiqa

Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti BAA bilan innovatsion hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida vazir davlat rahbariga BAA prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va mamlakat Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – BAA do‘stligi va strategik sherikligini yanada mustahkamlash, shuningdek, 2025 yilning yanvar oyida BAAga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha qabul qilinayotgan yangi besh yillik dasturni keng ko‘lamda amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, byurokratiyani kamaytirish, sun’iy intellekt sohasida 5 million nafar prompt-muhandisni o‘qitishda BAAning ilg‘or tajribasini joriy etish hamda «Yosh avlod» va «Kitob chellenji» loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik rejalariga alohida e’tibor qaratildi.

Teglar

Mavzuga oid