
Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri bilan uchrashdi
O‘zbekiston va Qatar davlat rahbarlari strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Doha shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston – Qatar strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Qatar amirini Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammiti tadbirlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Ta’kidlanishicha, turli darajalarda samarali muloqot va almashinuvlar olib borilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 45 foizga oshdi. Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo va madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanmoqda.
«Yashil» energetika, transport, geologiya, to‘qimachilik, turizm, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etishi haqida xabar bergan edik.





