
Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSH Kongressi va Senati vakillari bilan uchrashdi
Mirziyoyev Vashingtonda 5 noyabr kuni o‘ziga ajratilgan qarorgohda AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zolari Bill Xayzenga, Kerol Miller, Sidni Kamlager-Davni va AQSH Senatidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokusning hamraisi, senator Stiv Deynsni qabul qildi.

5 noyabr kuni Vashington shahrida bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zolari — Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Dovni bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish hamda parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat parlamentlarining amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanib borayotgani, AQSH Kongressida O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus samarali faoliyat olib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Har yili Vakillar palatasida kokus ko‘magida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotgan O‘zbekiston kunlari o‘tkazib kelinmoqda.
Kongress oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga doir kelishuvlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishi muhim ekani ta’kidlandi.
Hududlararo aloqalarni kengaytirish, kongressmenlar vakillik qilayotgan G‘arbiy Virjiniya, Michigan va Kaliforniya shtatlari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida AQSH Kongressi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari rahbarlari boshchiligidagi ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.
Shu kuni Prezident Mirziyoyev AQSH Senatining Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi, senator Stiv Deyns bilan ham muloqot qildi. Suhbatda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Davlat rahbari Senatdagi kokus faoliyatini yuqori baholadi va so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan darajada kengayganini ta’kidladi. Oxirgi oylarda rekord qiymatdagi shartnomalar imzolangani va bu tashrif chog‘ida yangi iqtisodiy kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, senator Deyns va prezident Mirziyoyev o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, xususan, senator vakillik qilayotgan Montana shtati bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 4 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Vashington shahriga yetib borgan edi. Tashrifning asosiy tadbirlari 5-6 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Prezidenti Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining «C5+1» formatidagi sammitida ishtirok etadi.





