
Sirdaryodagi infratuzilma muammolarini hal qilish uchun 100 mln dollar ajratiladi
Prezident topshirig‘iga ko‘ra bu mablag‘lar viloyatdagi elektr, yo‘l, suv, kanalizatsiya va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun ishlatiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida 2025 yilda viloyat aholisining turmushini yaxshilash uchun 100 million dollar ajratilgani qayd etildi.
Qayd etilishicha, mazkur mablag‘lar evaziga 47 ta maktab, 45 ta bog‘cha, 31 ta tibbiyot muassasasi, 5 ta sport va madaniyat maskani to‘liq ta’mirdan chiqarilib jihozlandi. Shuningdek, 87 kilometr tarmoq tortilgani uchun Guliston shahridagi 22 ming xonadonga ichimlik suv uzluksiz boryapti.
2025 yil yakunigacha yana 9 kilometr yangi tarmoq o‘tkazilib, Mirzaobod, Sardoba, Boyovut, Xovos tumanlari va Yangiyer shahridagi 12 ming xonadon doimiy ichimlik suv bilan ta’minlanishi aytildi.
Ta’kidlanishicha, bu ishlar davom ettirilib, viloyatdagi elektr, yo‘l, suv, kanalizatsiya va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun kelasi yil yana 100 million dollar ajratilishi belgilandi.
Bundan tashqari, yaqinda Qozog‘iston bilan start berilgan Sirdaryo tumanidagi Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazida 300 million dollarlik 14 ta sanoat korxonasi kelasi yil 1-chorak yakunida ish boshlaydi. 2026 yilda yana 720 million dollarlik 40 ta yangi loyihalar joylashtiriladi.





