
Smartfon va elektronika narxlari keskin oshishi kutilmoqda
Sun’iy intellekt tarmog‘idagi yuqori talab, Nvidianing yangi qarorlari va ta’minot zinasidagi uzilishlar smartfon hamda elektronika narxlarini jahon bozorida oshirib yuborishi mumkin.

CNBC ma’lumotiga ko‘ra, global elektronika bozorida yangi xavotir yuzaga keldi — smartfonlardan tortib, noutbuk va maishiy texnikagacha bo‘lgan mahsulotlar narxi yaqin oylarda oshishi mumkin. Buning asosiy sababi — sun’iy intellekt infratuzilmasiga bo‘lgan ulkan talab.
Google, Microsoft kabi texnologik gigantlar SI markazlari uchun yuzlab milliard dollar sarflayotgani natijasida, Nvidia va AMD kabi yetakchi chip ishlab chiqaruvchilarning mahsulotiga bo‘lgan ehtiyoj rekord darajada o‘sdi.
Bain&Company sherigi Piter Genberi ta’kidlashicha, SI data-markazlaridagi ulkan talab butun ta’minot zanjirida «to‘siqlar» yaratmoqda. Eng katta muammo esa DRAM xotira va HBM turidagi tezkor xotira hajmining cheklanganligi bo‘lib turibdi. Counterpoint Research prognoziga ko‘ra, DRAM narxlari shu yilning IV choragida 30 foizga, 2026 yil boshida yana 20 foizga qimmatlashi mumkin.
Ikkinchi jiddiy omil — SSD va HDD bozoridagi tanqislik. Google va Microsoft HDDdan voz kechib, SSDga o‘tmoqda, bu esa smartfon va noutbuk uchun zarur bo‘lgan asosiy komponentlar bo‘yicha raqobatni kuchaytirmoqda.
Nvidianing eng yangi niyati vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Kompaniya LPDDR turidagi xotiradan foydalanishga o‘tdi. Bunday turdagi xotiralar esa odatda Apple va Samsung’ning premium smartfonlarida ishlatiladi. Nvidianing bu segmentga kirishi «yirik smartfon ishlab chiqaruvchisi kabi talab yaratishi», bu ta’minot zanjiri uchun «kuchli zarba» sifatida qabul qilinishi aytilmoqda.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, DRAM va SSD smartfon yoki shaxsiy komputer tannarxining 10–25 foizini tashkil etadi. Tarkibiy qismlarning 20–30 foizga qimmatlashishi tayyor mahsulot narxini 5–10 foizga ko‘tarishi mumkin. Shu bilan birga, eng ommabop gadjetlarda qisman taqchillik yuzaga kelishi ehtimoli ham yuqori.





