Soliq imtiyozlari: Kimlar soliqdan ozod etilgan?
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun ayrim daromad turlari ijtimoiy ahamiyati sabab soliqdan ozod qilingan. Ta’lim, tibbiyot, uy-joy, investitsiya va boshqa sohalardagi ushbu imtiyozlar aholi farovonligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Xo‘sh, qaysi daromadlar soliqdan ozod qilingan?
© davinciorthopedics.comO‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 378-379-380-moddalarida jismoniy shaxslarning soliqqa tortilmaydigan daromadlari, diplomatik va xalqaro maqomdagi shaxslar uchun imtiyozlar, kamaytirilgan soliq stavkalari belgilab qo‘yilgan.
Soliq solinmaydigan daromad turlari:
Ta’lim va malaka oshirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar
• O‘zining, farzandlarining yoki 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtog‘ining o‘qishi uchun kontrakt to‘lovlari;
• Nodavlat bog‘cha va maktablar uchun har bir farzandga oyiga 3 mln so‘mgacha to‘lovlar;
• Nodavlat ta’lim markazlarida qayta tayyorlanish va malaka oshirish BHMning 8 baravarigacha yoki 3 mln 296 ming miqdordagi xarajatlardan soliq olinmaydi.
Ijtimoiy va moddiy yordam pullari va sovg‘alar
• Vafot etgan xodimning oila a’zolariga yoki oila a’zosi vafot etgani uchun hodimga beriladigan moddiy yordamning mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (MHTEKM) 4,22 baravarigacha, ya’ni 5 mln 363 ming 620 so‘mgacha bo‘lgan miqdori;
• Ish beruvchi tomonidan xodim va uning farzandlari uchun to‘langan davolanish, tibbiy xizmat va nogironlik protezlari xarajatlari;
• Nogironlar uchun sanatoriy yo‘llanmalari hamda xodimlarning farzandlari (16-18 yoshgacha) uchun oromgoh yo‘llanmalari qiymati;
• Ijtimoiy reyestrdagi oilalarga homiylardan keladigan BHMning 100 baravarigacha yoki 41 mln 200 ming so‘m miqdoridagi yordam pullari;
• Ish beruvchidan olingan yiliga MHTEKMning 2,11 baravarigacha, ya’ni 2 mln 681 ming 810 so‘m miqdordagi sovg‘alardan soliq to‘lanmaydi.
Uy-joy va ipoteka imtiyozlari
Oylik ish haqining ipoteka kreditini (asosiy qarz va foizlarini) to‘lash uchun yo‘naltirilganda 12 foiz daromad solig‘i ushlanmaydi. Agar ipoteka hisobiga olingan uyni 3 yil (36 oy) ichida sotib yuborilsa, shu paytgacha to‘lanmagan barcha 12 foizlik daromad soliqlari davlatga qayta hisoblanib, qaytarib to‘lanishi shart bo‘ladi.
Uyini talabalarga ijaraga bergan jismoniy shaxslarning shu ijradan olgan daromadlaridan soliq to‘lamaydi.
Mol-mulkni sotish yoki meros qoldirish
Uy-joy (36 oydan ko‘p mulkida bo‘lgan), avtomobil va boshqa buyumlarni sotishdan olingan foydadan soliq to‘lanmaydi.
Yaqin qarindoshlardan olingan har qanday meros yoki hadya soliqdan ozod. Begonalardan olingan qimmatbaho mulklar (uy, mashina) imtiyozdan mustasno.
Investitsiya va jamg‘armalar
Bank omonatlari foizlari, davlat obligatsiyalari bo‘yicha yutuqlar va dividendlardan;
Mahalliy fond bozoridan aksiyalar sotib olishga yo‘naltirilgan ish haqining bir qismi (ma’lum shartlar bilan);
Xalq bankidagi ixtiyoriy pensiya hisobvarag‘iga yo‘naltirilgan mablag‘lardan soliq to‘lanmaydi.
Kasbiy va sport faoliyati bilan bog‘liq daromadlar
Xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lganlik uchun berilgan pul va buyum mukofotlari;
Paxta terimida ishlaganlik uchun olingan haq;
Kunbay ish markazlari orqali topilgan daromadlar;
Oltin izlovchilar (staratellar) tomonidan qazib olingan metallni realizatsiya qilishdan olingan daromadlardan soliq to‘lanmaydi.
Maxsus toifadagi shaxslar uchun
Chernobil halokati oqibatlarini tugatishda qatnashganlar va ularning turmush o‘rtoqlari daromadlari;
«Mahalla servis» kompaniya xodimlarining ish haqi daromadlaridan soliq olinmaydi.
Diplomatik va xalqaro maqomdagi shaxslar uchun imtiyozlar
Ushbu modda xalqaro huquq normalariga muvofiq, chet davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarini O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq barcha daromadlari bo‘yicha soliqdan ozod etadi. Mazkur imtiyoz quyidagi shartlar asosida amal qiladi:
• Shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasligi kerak;
• Imtiyoz diplomatik va konsullik xizmati bilan bog‘liq bo‘lmagan (masalan, shaxsiy tadbirkorlikdan olingan) daromadlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Soliq bazasini kamaytirish
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 380-moddasiga ko‘ra ma’lum bir toifadagi fuqarolarga jami yillik daromadidan qat’i nazar, har oylik daromadining bir qismini soliqdan ozod qilish huquqini beradi.
MHTEKMning 1,41 baravari miqdorida (1 mln 792 ming 110 so‘m):
• «O‘zbekiston Qahramoni», urush nogironlari va qatnashchilari;
• Ikki va undan ortiq 16 yoshga to‘lmagan bolalari bor yolg‘iz onalar yoki beva ayol/erkaklar;
• Xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari va beva xotinlari.
MHTEKMning 3 baravari miqdorida (3 mln 813 ming so‘m):
• Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar;
• I va II guruh nogironlari (Chernobil AES halokati ishtirokchilaridan tashqari).
Soliq imtiyozlaridan foydalanish fuqaroning soliq organlariga taqdim etgan arizasi va imtiyozga huquq beruvchi hujjatlari (masalan, pensiya guvohnomasi, nogironlik ma’lumotnomasi, ta’lim shartnomasi) asosida amalga oshiriladi. Hozirgi kunda ushbu jarayonlar axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyalashuvi natijasida «Soliq» mobil ilovasi orqali masofaviy tarzda ham rasmiylashtirilmoqda.
Soliq kodeksida belgilangan ba’zi imtiyozlar uchun belgilangan qoidalarga rioya qilmaslik soliq majburiyatining qayta tiklanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Teglar






