Soliq inspektori pora bilan qo‘lga tushdi

Bugun 10:101 daqiqa

Toshkent viloyatida fermerga soliq qarzini kechiktirib berish evaziga pul talab qilgan soliq inspektori ushlandi.

Soliq inspektori pora bilan qo‘lga tushdi

Toshkent viloyati Bo‘ka tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori fermer xo‘jaligi rahbaridan pora talab qilgan holda qo‘lga olindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, inspektor paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbarining ishonchiga kirgan. U fermer xo‘jaligining soliq organlari oldida mavjud bo‘lgan 165,6 mln so‘m miqdoridagi qarzdorligini to‘lash muddatini uzaytirib berishni va’da qilgan.

Bosh inspektor bu ishni viloyat soliq boshqarmasida ishlovchi tanishi orqali hal qilib berishini aytgan. Evaziga esa fermerdan 10 mln so‘m miqdorida pul talab qilgan.

Tezkor tadbir doirasida u so‘ralgan mablag‘ni o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida qo‘lga olingan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davrida unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda. Tergov doirasida ushbu jinoyatga aloqador boshqa shaxslar ham bor-yo‘qligi tekshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida ham shunga o‘xshash holat fosh etilgandi. Tezkor tadbirda Sherobod tumani davlat soliq inspeksiyasining sobiq bosh inspektori fuqarodan pul talab qilgani ma’lum bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid