Soliq qarzdorlariga joriy etilgan cheklov kimlarga qo‘llanilmasligi ma’lum qilindi
Soliq qarzi uchun elektr to‘loviga cheklov joriy etilishida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar ozod qilinadi.

Soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorligini undirishda elektr to‘lovlariga cheklov joriy etish masalasi noto‘g‘ri talqin qilinganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 1 million so‘mdan ortiq qarzdorlik mavjud bo‘lgan hollarda ham elektr energiyasi uzib qo‘yilmaydi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mexanizm fuqarolarga nisbatan bosqichma-bosqich ogohlantirishlar berilganidan keyin ham qarzdorlik bartaraf etilmagan taqdirda qo‘llaniladi. Bunda elektr ta’minotini o‘chirish emas, balki elektr uchun to‘lovlarni amalga oshirishga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi.
Cheklov aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj quyidagi toifalariga qo‘llanilmaydi:
Nogironligi bo‘lgan shaxslar (1 va 2-guruh); boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar;
Qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar.
Mazkur tizim dastlab 16-apreldan eksperiment tariqasida Namangan viloyatida yo‘lga qo‘yiladi. Eksperiment natijalaridan kelib chiqib mazkur tajribani boshqa hududlarda joriy etish yoki etmaslik yuzasidan 2026-yil 1-oktabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi. «Ya’ni elektr energiyasining billing tizimi mexanizmi to‘g‘ridan to‘g‘ri barcha hududlarda joriy etilmaydi», deyiladi xabarda.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Namanganda 1 million so‘mdan ortiq soliq qarziga ega 45,8 ming nafar jismoniy shaxs mavjud bo‘lib, bu jami soliq to‘lovchilarning 8 foizini tashkil etadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, bunday qarzdorliklar sud orqali undirilishi mumkin bo‘lib, bu qo‘shimcha xarajatlarga olib keladi.





