Soliq qo‘mitasi blogerlarni soliqqa tortish bo‘yicha Rossiya tajribasini o‘rganmoqda

26.02.2026 | 12:152 daqiqa

Qo‘mita kelgusida mazkur tajribani O‘zbekiston soliq organlari faoliyatida qo‘llashni rejalashtirmoqda.

Soliq qo‘mitasi blogerlarni soliqqa tortish bo‘yicha Rossiya tajribasini o‘rganmoqda

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi Moskvada rossiyalik hamkasblari bilan blogerlar va internetda faoliyat yurituvchi shaxslar daromadlari ustidan soliq nazorati masalalarini muhokama qildi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tajriba kelgusida milliy soliq organlari faoliyatiga joriy etilishi mumkin.

Tashrifning birinchi kunida tomonlar onlayn-platformalar orqali daromad oluvchi shaxslarni aniqlash, ularning tushumlarini shaffof hisobga olish va soliq intizomini kuchaytirish mexanizmlarini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, soliq xizmati brendini ommalashtirish va ochiqlikni oshirish orqali jamoatchilik ishonchini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Rossiya tomoni soliq organlari faoliyatida xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan yondashuvlarini taqdim etdi. Unda soliq to‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratish, tartib-taomillarni soddalashtirish va raqamli xizmatlar orqali hamkorlikni kuchaytirish amaliyoti namoyish etildi.

Inflyuyenserlar uchun talablar

2025 yil may oyida onlayn-platforma foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Loyihaga ko‘ra, 10 mingdan ortiq obunachiga ega va kontentdan daromad oluvchi inflyuyenserlar uchun alohida huquqiy tartib joriy etish taklif qilingan.

Hujjatda kontentning to‘g‘riligini tekshirish, noqonuniy materiallarni bartaraf etish, feyk axborotni o‘chirish yoki belgilash, zarur holatda raddiya e’lon qilish kabi majburiyatlar nazarda tutilgan. Talablar buzilsa, 10 kunlik muddat berilib, bajarilmagan taqdirda akkauntni 6 oygacha to‘xtatish chorasi qo‘llanilishi mumkin.

Monetizatsiya va soliq

Qonun loyihasi reklamadan olinadigan barcha daromadlarni soliqqa tortishni nazarda tutadi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri reklama, nativ integratsiya, hamkorlik havolalari va homiylik tushumlariga ham tegishli.

Bunday amaliyot Rossiyada 2021 yildan joriy etilgan. 2023 yilda esa bir qator yirik blogerlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilgan. Ular orasida soliqlarni to‘lamaganlikda ayblangan Yelena Blinovskaya ishi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid