Logo

So‘rovnoma: 61 foiz respondent qarzlarini o‘z vaqtida qaytarishga qiynalmoqda

Kecha 22:531 daqiqa

Markaziy bank tomonidan 5,8 ming kishi ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, jami respondentlarning 77 foizi o‘zi yoki oila a’zolaridan birida bank hamda bankdan tashqari qarz majburiyatlari mavjudligini qayd etgan.

So‘rovnoma: 61 foiz respondent qarzlarini o‘z vaqtida qaytarishga qiynalmoqda

Markaziy bank so‘rovnomasida ishtirok etgan va qarz majburiyatiga ega bo‘lgan respondentlarning 61 foizi kredit va qarzlarini o‘z vaqtida to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2025 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, bank tomonidan 5,8 ming kishi ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Uning natijalariga ko‘ra, jami respondentlarning 77 foizi o‘zi yoki oila a’zolaridan birida bank va bankdan tashqari qarz majburiyatlari mavjudligini qayd etgan. Ularning 68 foizi bankdan qarz majburiyatiga ega bo‘lib, ushbu respondentlarning har beshdan birida bankdan tashqari qarz majburiyatlari ham mavjudligi aniqlangan.

Qarz olish maqsadlari va to‘lov qobiliyati bo‘yicha kutilmalar

Aholi tomonidan jalb qilingan qarz mablag‘larining 20 foizi uy-joy sotib olish yoki ta’mirlashga, 18 foizi avtomobil xarid qilish maqsadiga yo‘naltirilgan. Shuningdek, qarz majburiyatiga ega respondentlarning 8 foizi mavjud qarzini so‘ndirish uchun yangi qarz jalb qilganligini ta’kidlagan.

Jami respondentlarning 68 foizida barcha qarz majburiyatlari bo‘yicha oylik to‘lov miqdori 6 million so‘mdan kam summani tashkil etmoqda. Qarz majburiyati mavjud respondentlarning 47 foizi keyingi 6 oy davomida to‘lov qobiliyatining yaxshilanishini, 42 foizi esa bu borada o‘zgarish bo‘lmasligini kutmoqda.

So‘rovnoma ishtirokchilarining 15 foizi keyingi 6 oy davomida o‘zi yoki oila a’zolari tomonidan qo‘shimcha qarz olishga ehtiyoj borligini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid