
Sudanda qulagan Il-76: halok bo‘lgan ekipaj a’zolari orasida o‘zbekistonliklar borligi aytilmoqda
Shuningdek, harbiy transport uchog‘i sahnida bo‘lgan Sudan armiyasi a’zolarining barchasi halok bo‘lganini tasdiqladi.

Sudanning sharqiy qismida joylashgan Port-Sudan shahri yaqinida harbiy transport samolyoti Il-76 qo‘nishga urinish jarayonida halokatga uchradi. Ijtimoiy tarmoqlarda voqeadan xabardor manbalar tomonidan halok bo‘lgan ekipaj a’zolari orasidagi olti kishi o‘zbekistonlik ekani aytilmoqda.
Hujjatlar va maxalliy manbalarga ko‘ra, samolyot Osmon Digna aviabazasiga qo‘nish paytida g‘oyat tezlikda balandlikni yo‘qotib, yerga kelib urilgan va darhol yonib ketgan.
Mahalliy hukumat va harbiy tuzilmalar bildirishicha, falokatga samolyotda yuzaga kelgan texnika nosozligi sabab bo‘lgan. Nosozlik kuzatilganidan keyin havo kemasi qandaydir manyovr qilishga ulgurmagan va pastlash jarayoni keskin portlash bilan yakunlangan.
Sudan armiyasi ekipaj a’zolarining barchasi halok bo‘lganini tasdiqladi, ammo samolyotda aynan qancha kishi bo‘lgani rasman oshkor etilmayapti. Al Arabiya va boshqa mediaga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida aviatsion navigatsiya bo‘yicha taniqli mutaxassis Amir Bakri Muhammad Al-Hassan hamda texnik leytenant Tariq Al-Tum Abdulla Yaqub bor. Qolaversa, ularning olti nafari o‘zbekistonlik ekani ham aytilmoqda. Manbalar faqat anonimlik shartida ma’lumot berishga rozi bo‘lgan.
Il-76 — sovet ittifoqida yaratilgan va Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida ishlab chiqarilgan og‘ir harbiy-transport samolyoti bo‘lib, Sudan armiyasi tomonidan frontlar orasida yuk va shaxsiy tarkib tashishda yillar davomida asosiy vosita sifatida qo‘llanib kelingan. Shu paytgacha samolyot 40 yaga yaqin modifikatsiyada 950 tadan ziyod ishlab chiqarilgan. Ularning 95 tasi turli davrlarda aviahalokat va avariyalarga uchragani ma’lum.
Falokat Sudan 2023 yil aprelidan beri chuqur harbiy-siyosiy inqiroz girdobida qolgan bir paytda yuz berdi. Muntazam armiya va RSF kuchlari o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar yuz minglab odamlarning hayotiga nuqta qo‘ygan, taxminan 12 million aholi esa o‘z uyini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan. Millionlab fuqaro hanuz insonparvarlik yordamiga muhtoj, mamlakatning ko‘plab hududlarida esa janglar to‘xtamasdan davom etmoqda.
Mahalliy va xalqaro manbalar aviahalokat yuzasidan rasmiy tergov boshlanganini ma’lum qildi.





