
Sug‘urtalangan shaxslarga ishsizlik nafaqasi to‘lab beriladi
Ijtimoiy sug‘urtaning yangi tartibi belgilandi: yangi qonun fuqarolarning kasallik, ishsizlik va tug‘uruq bilan bog‘liq xavflardan kafolatli himoyasini ta’minlashga qaratilgan.

2026 yil 1-yanvardan kuchga kirishi mo‘ljallangan «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, fuqarolarga nisbatan ijtimoiy sug‘urta munosabatlari majburiy yoki ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. Hujjatda sug‘urta munosabatlarining tartibi, to‘lovlar tuzilishi va ularni olish shartlari aniq belgilab berildi.
Qonunga ko‘ra, davlat ijtimoiy sug‘urtasi qamroviga uchta asosiy sug‘urta hodisasi kiradi: Kasallik tufayli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik,
Homiladorlik va tug‘ish,
Ish yoki daromadni yo‘qotish holatlari.
Ushbu vaziyatlar yuzaga kelganda sug‘urtalangan shaxslar yoki ularning oila a’zolari belgilangan tartibda davlat tomonidan to‘lanadigan nafaqalarni olish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonun davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lanadigan asosiy nafaqalarni ham belgilaydi. Ular Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi,
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi,
Ishdan bo‘shatish bo‘yicha to‘lovlardir.
Mazkur to‘lovlarni tayinlash va ularning miqdorini hisoblash amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, sug‘urta badallari tushunchasi ham tartibga solindi. Badal sug‘urtalangan shaxs uchun davlat sug‘urtasi jamg‘armasiga amalga oshiriladigan ajratma yoki to‘lovdir. Fuqarolarning nafaqa olishga bo‘lgan huquqi aynan mazkur badallarning belgilangan tartibda to‘lanishiga bog‘liq qilib qo‘yildi.
Yangi tartib ijtimoiy himoya tizimini yaxshilash, fuqarolarning hayotiy xavflar oldidagi barqarorligini oshirish va davlat tomonidan kafolatlangan to‘lovlarning shaffof mexanizmlarini ta’minlashni ko‘zlaydi.





