Sun’iy intellekt 2026 yilda hayotimizni qanday o‘zgartiradi? — Ekspertlar bashorati
O‘tgan yili sun’iy intellekt infratuzilmasiga mlrdlab dollar sarflandi. Xo‘sh, 2026-yilda bu texnologiya qaysi sohalarda chinakam inqilob yasaydi? Mutaxassislarning 5 ta asosiy prognozi.
© about.fb.com«Time» jurnalining yozishicha, 2025-yilda kompaniyalar sun’iy intellekt (SI) infratuzilmasini yaratish bo‘yicha mlrdlab dollarlik bitimlar tuzdi. 2026-yilda esa ushbu yangi hisoblash quvvatlari ishga tushib, qilingan yirik investitsiyalar o‘zini oqlash yoki oqlamasligi ma’lum bo‘ladi. Ekspertlar SI joriy yilda asosan beshta yo‘nalishda keskin o‘zgarishlar qilishini bashorat qilmoqda.
1. Ilm-fan rivoji
SI birinchi navbatda ilm-fanga ta’sir qiladi. «RAND Corporation» tahlilchisi Edvard Parkerning fikricha, texnologiya tadqiqotchilarga yangi kashfiyotlar qilishda katta yordam beradi, biroq hozircha ularni to‘liq mustaqil amalga oshira olmaydi. Oldinda bizni SI inson imkoniyatlarini kuchaytiruvchi «murakkab o‘tish davri» kutib turibdi.
2. Chat-botlar orqali onlayn xaridlar
Odamlar jismoniy do‘konlar yoki veb-saytlarga kirish o‘rniga, xaridlarni bevosita chat-botlar orqali amalga oshirishni boshlaydi. «Metaculus» ekspertlarining hisob-kitobiga ko‘ra, 2026 yil oxirigacha yirik kompaniyalardan biri SI asosidagi xarid agenti yordamida 100 mingdan ortiq tranzaksiyalarni amalga oshirish ehtimoli 95 foizga teng. Jumladan, «Amazon» va «OpenAI» allaqachon bu borada dastlabki sinovlarni boshlab yuborgan. Bu elektron tijoratda yangi davrni boshlab beradi.
3. Inson va SI o‘rtasidagi hissiy munosabatlar
Odamlarning texnologiyalar bilan munosabati yanada chuqurlashadi. «Replika» kompaniyasi bosh direktori Dmitriy Klochkoning ta’kidlashicha, odamlar tez orada unumdorlikni oshirish uchun bitta SIdan, hissiy bog‘lanish va suhbatdosh sifatida esa boshqasidan foydalanishni boshlaydi. Odamlar mashinalarga go‘yoki ular tirikdek munosabatda bo‘lishda davom etadi.
4. Siyosiy e’tiborning kuchayishi
Sun’iy intellektga bo‘lgan global siyosiy e’tibor yangi bosqichga chiqadi. Amerikaning SI bo‘yicha harakatlar rejasi muallifi Din Bollning so‘zlariga ko‘ra, bu yil sun’iy intellekt jahon sahnasida va davlatlararo munosabatlarda yanada kengroq hamda sezilarli rol o‘ynaydi.
5. SI yordamida yirik kiberhujumlar
Kiberxavfsizlik tahdidlari keskin ortadi. Dasturiy ta’minotlardagi avval noma’lum bo‘lgan zaifliklarni aniqlash va ulardan foydalanishda SI qo‘llanilishining «portlashi» kutilmoqda. «CrowdStrike» kompaniyasi vitse-prezidenti Adam Mayersning xulosasiga ko‘ra, SI ham hakerlar, ham himoyachilarning imkoniyatlarini birdek oshiruvchi o‘ziga xos «Temir odam kostyumi»ga aylanadi.





