add

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Rossiyadagi 210 bola lagerini fosh qildi

28.11.2025 | 09:437592 daqiqa

Yel universiteti Rossiya tomonidan olib ketilgan ukrain bolalar saqlanayotgan 210ta lager manzilini aniqladi, tahlillar selfi va geolokatsiyalariga tayanildi.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Rossiyadagi 210 bola lagerini fosh qildi

Yel universitetining Insoniy tadqiqotlar laboratoriyasi (HRL) Rossiyaga majburan olib ketilgan ukrain bolalar joylashtirilgan 210 ta «qayta tayyorlash» va harbiy lagerni aniqladi.

DW ma’lumotiga ko‘ra, laboratoriya 2022 yilda AQSH Davlat departamenti tomonidan bolalar soni va ular saqlanayotgan hududlarni baholash bilan vazifalangan edi. Tadqiqotchilar Rossiyadagi mahalliy mansabdorlar yo‘l qo‘ygan xatolar — selfi suratlarida geolokatsiya o‘chirilmagani orqali manzillarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Laboratoriya direktori Natanil Reymond aytishicha, mahalliy amaldorlar tomonidan tarqatilgan fotosuratlarda bolalar tasviri ham ko‘ringan va suratlarning GPS ma’lumotlari lagerlar joylashuvini aniqlab berishga yordam bergan. Keyingi tahlillar orqali Rossiya hududi bo‘ylab jami 210 ta obyekt tasdiqlangan. Yel HRL taqdim etgan ma’lumotlar Ukraina rasmiylari va Yevropa institutlariga ham yuborilgan.

Taxminlarga ko‘ra, umumiy hisobda 36 mingga yaqin ukrain bolasi Rossiya hududiga olib ketilgan. Xalqaro jinoyat sudi 2023 yilda aynan bolalarni olib ketish bo‘yicha Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan hibsga olish qarori chiqargan. Reymondning aytishicha, Moskva birmuncha vaqtdan buyon «jinoyat izlarini yo‘q qilishga» urinayotgani, bolalar turli ob’ektlarga ko‘chirilayotganini ko‘rsatadi.

Biroq laboratoriya faoliyati AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan e’lon qilingan moliyalashtirish qisqarishi tufayli xavf ostida qolmoqda. Mavjud resurslar cheklangani sabab HRL yil oxirigacha ishini to‘xtatishi mumkinligi qayd etilmoqda.

Yel tadqiqotchilari sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, ochiq manbalar va geolokatsiya ma’lumotlarini birlashtirgan holda lagerlar tarmog‘ini xaritalashni davom etmoqda. Ular bu ishlar Ukraina bolalari taqdiri bo‘yicha xalqaro tergov uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid