Surxondaryoda neft oqishiga sel sababchi bo‘lgani aytilmoqda

Bugun 15:202 daqiqa

23-aprel kun Boysun tumanidada sodir bo‘lgan sel oqimi «ERIEEL GROUP» tomonidan yasalgan neft mahsuloti saqlovchi dambani yuvib ketgan va mazut Surxondaryogacha oqib kelgan.

Surxondaryoda neft oqishiga sel sababchi bo‘lgani aytilmoqda © Видеодан кадр

Ijtimoiy tarmoqlarda Qumqo‘rg‘on tumani hududidan oqib o‘tuvchi suv havzasi rangi o‘zgargani aks etgan videolar tarqaldi. Unga ko‘ra, Surxondaryo daryosining bir qismi neft bilan zararlangan. Bu haqda Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, 23-aprel kuni Boysun tumanida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida yuzaga kelgan sel oqimlari neft saqlanadigan sun’iy omborlarni buzib yuborgan bo‘lishi mumkin. Oqim Boysundagi Kofurun soyidan boshlanib, Bandixon orqali Qumqo‘rg‘on tumanigacha yetib kelgan.

Sel davomida tog‘ jinslari, tabiiy cho‘kindilar va turli aralashmalar suv tarkibiga qo‘shilib, uning tashqi ko‘rinishida keskin o‘zgarishlarga olib kelgan bo‘lishi ehtimol.

Suv xo‘jaligi vazirligi munosabati

Shu bilan birga, Suv xo‘jaligi vazirligi hodisaning sabablarini ochiqladi. Unga ko‘ra, Boysun tumanidagi Xangaronsoy sohilida burg‘ulash ishlari vaqtida chiqarilgan neft vaqtinchalik tuproq dambalari orqali saqlangan. Bu inshootlar «Eriell Group» kompaniyasi tomonidan barpo etilgan.

Kuchli yog‘ingarchilik tufayli suv sathi keskin oshib, ushbu dambalardan sel-toshqin suvlari oshib o‘tgan. Natijada neft aralashgan suvlar avval Bandixonsoyga, so‘ngra Surxondaryo daryosiga qo‘shilgan.

Hodisadan so‘ng «Eriell Group» tomonidan dambalar qayta tiklangani va neft oqishi to‘liq bartaraf etilgani ma’lum qilindi. Hozirda mutasaddilar tomonidan suv namunalari olinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Amudaryo-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda hududiy suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan sel xavfi yuqori bo‘lgan joylarda nazorat kuchaytirilib, doimiy navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan.

Teglar

Mavzuga oid