
Tadbirkorlarga berilgan subsidiyalar elektron platforma orqali monitoring qilinadi
Yangi nizom subsidiyalar samaradorligini baholash, maqsadsiz sarflangan mablag‘larni qaytarish va qo‘llab-quvvatlash choralarini shaffof nazorat qilishni ko‘zda tutadi.

Hukumatning 11-dekabrda qabul qilingan 784-son qarori bilan tadbirkorlik sub’ektlariga beriladigan subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishini tizimli monitoring qilish tartibi belgilab berildi. Qaror bilan ushbu jarayonlarni baholash va asossiz yoki maqsadsiz sarflangan mablag‘larni qaytarib olish mexanizmlarini o‘zida mujassam etgan maxsus nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etuvchi tashkilot har bir tadbirkor uchun oldindan aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilaydi. Ushbu ko‘rsatkichlar tadbirkor subsidiyadan qanday foydalanishi va qanday natijaga erishishi kerakligini aniq ko‘rsatadi. Monitoring jarayoni to‘liq «subsidiya.mf.uz» elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
Samaradorlikni baholashda manbalardan quyidagi ketma-ketlikda foydalaniladi:
Tadbirkorning moliyaviy, soliq hisobotlari;
Sohaviy idoralar yoki statistika idoralari ma’lumotlari;
Qo‘llab-quvvatlash choralari natijalari yuzasidan tadbirkor tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar.
Tadbirkorga berilgan subsidiyalar quyidagi hollarda qaytariladi:
Subsidiya shartnomasi (bitim) bo‘yicha tadbirkor tomonidan erishish lozim bo‘lgan aniq maqsadli ko‘rsatkichlar bajarilmaganda;
Mablag‘lardan maqsadsiz va samarasiz foydalanilgani aniqlanganda;
Tadbirkor tomonidan tegishli hujjatlar yoki ma’lumotlarni noto‘g‘ri yoxud buzib ko‘rsatish va asossiz olingani holatlari aniqlanganda.
Yangi tartib tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini shaffoflashtirish hamda budjet mablag‘larining manzilli sarflanishini ta’minlashga qaratilgan.





