add

Tadbirkorlarga cheklarni tahrirlash imkoniyati beriladi

Bugun 14:551102

Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarga 20-noyabrdan 10-dekabrgacha onlayn-NKT va elektron cheklardagi xatolarni to‘g‘rilashga ruxsat bermoqda.

Tadbirkorlarga cheklarni tahrirlash imkoniyati beriladi

O‘zbekistonda soliq to‘lovchilar murojaatlarini inobatga olgan holda, tadbirkorlarga onlayn nazorat-kassa texnikasi (NKT) va elektron cheklarda qilingan xatolarni tuzatishga ruxsat berildi.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil davomida shakllantirilgan cheklar 20-noyabrdan 10-dekabrgacha maxsus tartib asosida tahrirlanishi mumkin bo‘ladi. «Soliqchi-ko‘makchi» tamoyili doirasida joriy etilayotgan ushbu amaliyot tadbirkorlarni ortiqcha soliq yukidan himoya qilishga qaratilgan.

Hozirda zarur texnik infratuzilma yaratilmoqda, biznes sub’ektlariga esa mazkur jarayonga tayyorgarlik ko‘rish tavsiya qilindi. To‘liq yo‘riqnoma qo‘mita tomonidan keyinroq e’lon qilinadi.

Ma’lumot uchun, bu jarayon yangi emas, 2024 yilda ham tadbirkorlarga 2023 yil uchun shakllangan cheklardagi xatolarni to‘g‘rilash imkoni berilgan. Cheklardagi xatolar tadbirkor uchun jiddiy soliq oqibatlariga olib kelishi mumkin. Soliq qo‘mitasining sobiq matbuot kotibi Dildora Hoshimova 2024-yilda bergan izohida aytib o‘tganidek, chekda summaning xato kiritilishi tovar aylanma hajmini asossiz oshib ketishiga olib keladi. Bu esa aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan tadbirkorning majburiy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisiga aylanishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, summaning noto‘g‘ri ko‘rsatilishi foyda solig‘i hisobining ham ortib ketishiga olib keladi. Aylanmadan kelib chiqib to‘lanadigan 15 foizlik foyda solig‘i yoki 4 foizlik maxsus soliq stavkalari tadbirkor uchun sezilarli yukni oshirishi mumkin. Shu bois, cheklar to‘g‘ri kiritilishi, xatolar aniqlangan taqdirda esa ularni bartaraf etish imkoniyati juda muhim hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi 2025 yilning 1-dekabrdan boshlab «Soliq» ilovasining eski versiyasi ishlamasligini ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Tadbirkorlarga cheklarni tahrirlash imkoniyati beriladi | Vaqt.uz