
Ta’lim xizmatlari hajmida oliy ta’lim yetakchilik qilmoqda
2025 yilda O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari bozori barqaror o‘sib, umumiy hajmda oliy ta’lim ulushi eng yuqori bo‘ldi.

2025 yilda O‘zbekistonda ta’lim sohasida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 34,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga oshgan bo‘lib, ta’lim xizmatlariga bo‘lgan talab barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, ta’lim sohasidagi xizmatlar umumiy bozor xizmatlari hajmining 3,7 foizini tashkil etgan. Bu ulush ta’lim iqtisodiyotning muhim xizmatlar segmenti sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlayotganini anglatadi. Mutaxassislar fikricha, aholi sonining o‘sishi va kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ta’lim xizmatlariga talabni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ta’lim xizmatlari tarkibida esa oliy ta’lim yetakchi o‘rinni egalladi. Mazkur davrda oliy ta’lim sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy ta’lim xizmatlari hajmining 46,8 foizini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich oliy o‘quv yurtlari tomonidan taklif etilayotgan ta’lim dasturlariga qiziqish yuqoriligini ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, hududlar kesimida eng katta sarf Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxt aholisi va tashkilotlari ta’lim xizmatlari uchun jami 16,6 trillion so‘m yo‘naltirgan bo‘lib, bu respublika bo‘yicha umumiy hajmning deyarli yarmini tashkil etadi.
Ikkinchi o‘rinda Samarqand viloyati qayd etildi. Hududda ta’lim xizmatlari bozori hajmi 2,5 trillion so‘mni tashkil etgan. Farg‘ona viloyatida esa mazkur ko‘rsatkich 2,2 trillion so‘mga yetdi.





