
Telegram’da Toshkent shahar hokimi nomidan ochilgan soxta akkauntlar aniqlandi
Poytaxt hokimi nomidan ochilgan soxta akkauntlar orqali firibgarlikka urinish holatlari kuzatilgan. Hokimlik matbuot xizmati bu bo‘yicha izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov nomidan foydalanib, firibgarlikka urinish holatlari qayd etilmoqda. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rasmiy ogohlantirish bilan chiqib, ayrim shaxslar tomonidan hokim nomi, rasmi hamda shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanilgan holda soxta akkauntlar ochilayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur akkauntlar orqali fuqarolarga shaxsiy xabarlar yuborilib, turli iltimos, taklif yoki murojaatlar bildirilmoqda. Hokimlik matbuot xizmati bunday sahifalarning barchasi soxta ekanini va ular ortida firibgarlar turganini ta’kidlamoqda.
«Shuni alohida ta’kidlash joizki, Toshkent shahar hokimi yoki hokimlikka aloqador mansabdor shaxslar aholiga murojaat qilish maqsadida shaxsiy tartibda xabar yubormaydi», deyiladi rasmiy izohda.
Matbuot xizmati ta’kidlashicha, agar hokimlik yoki hokim nomidan rasmiy sahifa yoxud yangi aloqa kanali ochiladigan bo‘lsa, bu haqda faqat rasmiy axborot manbalari orqali oldindan ma’lum qilinadi.
Fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlarini, telefon raqamlari yoki boshqa hassos ma’lumotlarni shubhali akkauntlarga taqdim etmaslik so‘ralmoqda. Hokimlik aholini ogoh bo‘lishga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan shubhali xabarlarga tanqidiy yondashishga va firibgarlik holatlarining oldini olishda faol bo‘lishga chaqirdi.





