Tezkor xotira taqchilligi sabab elektronika narxlari keskin oshishi mumkin
Tezkor xotira bozorida tanqislik 2026 yilda smartfon va noutbuklar narxining keskin oshishiga olib kelishi mumkin.

Jahon elektron texnika bozorida tezkor xotira taqchilligi tufayli ommaviy narx oshishi kutilmoqda. «The Verge» nashri xabariga ko‘ra, RAM ishlab chiqarishdagi inqiroz 2026 yildan boshlab smartfonlar, noutbuklar, o‘yin konsollari va boshqa qurilmalar qimmatlashishiga olib keladi.
Tanqslikning asosiy sababi
Mutaxassislar ushbu holatni «RAMageddon» deb atashmoqda. Bu atama «Armageddon» so‘zi bilan RAM, ya’ni tezkor xotira tushunchasining birlashmasidan kelib chiqqan. Bozordagi bosimning asosiy sababi — sun’iy intellekt industriyasining keskin o‘sishi.
Sun’iy intellekt kompaniyalari neyrotarmoq xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun katta hajmdagi tezkor xotiraga muhtoj. Ishlab chiqaruvchilar esa bu talabni to‘liq qondirishga ulgurmayapti. Natijada butlovchi qismlar taqchilligi yuzaga kelib, xotira narxlari ayrim segmentlarda 3–6 barobarga oshgan.
Taxminiy o‘sish narxlari
Tahlilchilarga ko‘ra, oradagi tanqislik barcha turdagi qurilmalarga ta’sir qiladi. Masalan, o‘rta toifadagi smartfonlarda xotira umumiy tannarxning 15–20 foizini tashkil etadi, flagman modellarda esa bu ko‘rsatkich 10–15 foiz atrofida. Shu bois yakuniy narxlar o‘rtacha 8 foizga ko‘tarilishi mumkin.
Ekspertlar ta’kidlashicha, hatto qurilma sotib olmaydigan iste’molchilar ham bevosita ta’sirni his qiladi. Chunki kompaniyalar o‘z infratuzilmasini yangilash uchun ko‘proq xarajat qiladi va bu xizmatlar hamda tovarlar narxiga qo‘shiladi.
Hozircha vaziyat kamida ikki yil davomida saqlanishi kutilmoqda. Ishlab chiqaruvchilar quvvatlarni oshirishni rejalashtirgan bo‘lsa-da, bozordagi bosim yaqin muddatda pasayishi dargumon.





