«Tirik kitob» sifatida tanilgan Xayrulla Asadovning 100 dona kitobi musodara qilindi
Unga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi ham qo‘llanildi.
© Foto: Kun.uzOdamlar «tirik kitob» sifatida taniydigan, Toshkent ko‘chalaridan birida kitob sotib o‘tiradigan Xayrulla Asadov ma’muriy jazoga tortildi. Rost24 nashrining xabar berishicha, unga xayriya yo‘li bilan kurilgan kitob rastasi bo‘yicha Mirzo Ulugbek tumani hokimligi xodimi tomonidan shikoyat kiritilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, Xayrulla Asadov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirish huquqbuzarligini sodir qilgan deb topilgan. Unga 2 million 60 ming so‘m miqdorida jarima tayinlandi.
Shuningdek, Xayrulla Asadovning narxi 1 mln 520 ming so‘m bo‘lgan 3 turdagi 100 dona kitobi tegishli tartibda musodara qilingan.
Kun.uz'ning qayd etishicha, 2025 yil 23-sentabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari Xayrulla Asadovga tegishli ko‘chma savdo nuqtasida tekshiruv o‘tkazgan. Jarayonda u xaridorga 20 ming so‘mga xarid cheki bermagani va kunlik savdodan tushgan 20 ming so‘m pulni onlayn nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritmagani, shuningdek, tegishli hujjatlarsiz faoliyat yuritayotgani aniqlangan.
Xayrulla Asadovni xalq orasida mashhur qilgan Erkin Bozorov unga moliyaviy yordam ko‘rsatib, tayinlangan jarimani to‘lab bergan.





