Tojikiston semizlikka qarshi kurashni ish joyidan boshladi
Endi xodimlar har kuni jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi kerak.

Tojikistonda ish beruvchilar zimmasiga xodimlar uchun har kuni kamida 20 daqiqalik badantarbiya mashg‘ulotlarini tashkil qilish majburiyati yuklandi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash kodeksiga kiritilgan yangi o‘zgarishlarda belgilangan.
Mazkur qonun 10-iyun kuni Tojikiston parlamentining quyi palatasi tomonidan qabul qilindi. 17-iyun kuni esa hujjat mamlakat prezidenti tomonidan imzolanib, kuchga kirdi.
Ta’kidlanishicha, tashabbusning asosiy maqsadi — semizlik va qandli diabetning oldini olish hamda aholi salomatligini mustahkamlashdan iborat.
Barcha tashkilotlarga tegishli
Tojikiston adliya vaziri Muzaffar Ashuriyonning ma’lum qilishicha, yangi talab prezidentning 2026 yil 14-fevraldagi farmoni asosida ishlab chiqilgan.
Qonunga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlar xodimlar uchun kunlik jismoniy mashqlarni tashkil etishi shart.
«Ish beruvchilar va mansabdor shaxslar zimmasiga kuniga kamida 20 daqiqa muntazam jismoniy mashqlar o‘tkazish vazifasi yuklatildi», — dedi vazir.
Rahbarlar ham mashq qiladi
Yangi qoidalar nafaqat mashg‘ulotlarni tashkil etishni, balki ular uchun tegishli sharoitlar yaratishni ham nazarda tutadi.
Tashkilot rahbarlari sport bilan shug‘ullanish uchun zarur infratuzilma va imkoniyatlarni ta’minlashi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, rahbarlar o‘zlari ham jismoniy mashqlarda ishtirok etishi talab etiladi.





