add

Tojikistonda bir vaqtlik iste’mol 4 kW dan oshsa — xonadon tokdan avtomatik uziladi

01.12.2025 | 17:187792 daqiqa

Dushanbe va viloyatlarda aholiga yuborilgan SMSlar turkumi sarosima keltirdi: uydagi elektr sarfi bir vaqtning o‘zida 4 kWdan oshsa, ta’minot 30 daqiqaga avtomatik o‘chiriladi. Sababi va rasmiy izohlar aniqlashtirildi.

Tojikistonda bir vaqtlik iste’mol 4 kW dan oshsa — xonadon tokdan avtomatik uziladi

Tojikistonda elektr ta’minoti bo‘yicha cheklovlar keskin kuchaydi. Oxirgi kunlarda «Elektr ta’minoti tarmog‘i» kompaniyasi yuborgan SMS-xabarlarda uy sharoitida 4 kWdan ortiq iste’mol qayd etilsa, elektr ta’minoti 30 daqiqaga avtomatik ravishda o‘chirilishi ma’lum qilindi. Bu esa aholi orasida savol va tushunmovchiliklarni ko‘paytirdi, chunki rasmiy hujjatlarda ayrim toifalar uchun faqat 5 kWlik limit belgilangan.

Kompaniya vaziyatni shunday izohladi: 5 kW — bu texnik maqsadlar uchun belgilangan yuqori chegara. Biroq uy sharoitida maishiy texnika, ayniqsa plita, termeks, kir yuvish mashinasi kabi uskunalar ish paytida pasport qiymatidan yuqori quvvat sarflab, tizimda keskin «sakrash» keltirib chiqaradi. Shuning uchun aholi uchun amaliyotda 4 kW chegara qo‘llanmoqda — bu avariyalar xavfini kamaytiradi va elektr tarmog‘idagi yuklanishni barqaror taqsimlashga yordam beradi.

Eng ko‘p quvvat talab qiluvchi priborlar — elektr plita, elektr choynak, termeks, isitgich, dazmol va kir yuvish mashinasi (isitish rejimida) — odatda 1,5–3 kW quvvat sarflaydi. Ushbu apparatlardan ikkitasi bir vaqtda yoqilsa, limit deyarli muqarrar ravishda oshadi.

O‘rtacha iste’mol guruhiga mikroto‘lqinli pechka, changyutkich, fen, komputer va kompressori ishlayotgan holdagi muzlatkich kiradi — ularning quvvati 0,5–1,2 kW atrofida. LED-lampalar, telefon quvvatlagichlari, router va kichik maishiy texnika esa umumiy yukka deyarli ta’sir qilmaydi.

Energetiklarning ta’kidlashicha, cheklovlar suv omborlaridagi suvning kamayishi bilan bevosita bog‘liq. Norak GESi kabi yirik stansiyalar mamlakat generatsiyasining asosiy qismini beradi, ammo suv sathining tushishi elektr ishlab chiqarishni qisqartirayotgani ma’lum qilindi.

Avvalroq Tojikistonda elektr tanqisligi keskinlashib, davlat korxonalari va budjet tashkilotlari ishdan so‘ng to‘liq tarmoqdan uzilishi belgilangani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid