
Tojikistondan olib kelingan 100 kilodan ortiq narkotik moddalar fosh etildi
Tezkor tadbirlar davomida qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari aniqlanib, jinoiy tarmoq faoliyatiga chek qo‘yildi.

Tojikistondan olib kelingan 100 kgdan ortiq narkotik moddalar to‘xtatib qolindi, deb xabar bermoqda DXX axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida yashovchi, 1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs 79 kg 358 g «opiy» moddasini Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga olib kelib, kelgusida sotish maqsadida xufiya joyga yashirib qo‘yganliklari aniqlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, 1996 yilda tug‘ilgan qonunbuzarning ko‘rsatmasi asosida, muqaddam dala maydoniga yashirib qo‘yilgan 1 kg 953 g «metamfetamin» sintetik narkotik moddasi ham topilgan.
Boshqa bir holatda esa Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 1994 va 1997 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs va Tojikiston Respublikasining Tursunzoda tumanida istiqomat qiluvchi, 1997 yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi davlat chegarasini buzgan holda, 30 kg 357 g «opiy» moddasini mamlakatimiz hududiga olib o‘tgan vaqtlarida Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, ular tojikistonlik narkosavdogarga tegishli ushbu zahri qotilni ma’lum bir haq evaziga belgilangan manzilga yetkazib berishlari kerak bo‘lgan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur giyohvandlik vositasining buyurtmachisi hisoblangan – Denov shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs ham qo‘lga olingan
Hozirda har ikki holat bo‘yicha Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qonunbuzarlarga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.





