add

To‘qayev Trampning Ukrainaning taslim bo‘lishiga doir tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatladi

Kecha 21:157212 Daqiqa

Tramp taklifiga ko‘ra, Ukraina NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechishi, anneksiya qilingan Qrim, shuningdek, bosib olingan Lugansk va Donetsk Rossiya hududlari sifatida tan olinishi kerak.

To‘qayev Trampning Ukrainaning taslim bo‘lishiga doir tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatladi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev AQSH prezidenti Donald Trampning Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi. U bu haqda Ostonada Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan o‘tkazgan muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi.

To‘qayev «Amerika tomoni taqdim etgan reja»ni muhim ekanligini ta’kidladi. U Qozog‘iston ham Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi barqaror kelishuvni qo‘llab-quvvatlashini va uni ilgari surishda doimo ishtirok etishga tayyor ekanligini eslatib o‘tdi.

Axios nashri 21-noyabr kuni «Trampning Ukraina-Rossiya mojarosini hal qilish rejasi» deb nomlangan hujjatni e’lon qildi. Materialda ta’kidlanishicha, reja 28 bandni o‘z ichiga oladi va allaqachon Rossiya va Ukraina tomonlariga muhokama qilish uchun topshirilgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hujjat doirasida Ukraina NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechmoqda. Ukraina qurolli kuchlari soni 600 ming nafargacha qisqartiriladi. Mamlakatda saylovlar bitimlar imzolangandan so‘ng yuz kun o‘tgach o‘tkazilishi lozim. Anneksiya qilingan Qrim, shuningdek, bosib olingan Lugansk va Donetsk Rossiya hududlari sifatida tan olinadi.

Reja Rossiya, Ukraina va Yevropa o‘rtasida hujum qilmaslik bo‘yicha keng qamrovli kelishuvni nazarda tutadi. Kiyev xavfsizlik kafolatlarini oladi.

Alohida bo‘lim Ukrainani tiklash masalasiga bag‘ishlangan. Rossiyaning muzlatilgan 100 milliard dollarlik aktivlari AQSH rahbarligidagi tiklanish dasturiga yo‘naltiriladi. Yevropa yana 100 milliard dollar ajratadi. Mablag‘larning qolgan qismi qo‘shma loyihalar bilan shug‘ullanadigan Amerika-Rossiya investitsiya vositasida foydalaniladi.

Hujjatda, shuningdek, Rossiyaning G8 formatiga qaytishi haqida so‘z yuritilgan. Mualliflar Moskvaga nisbatan sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishni kelishib olishni taklif etmoqda.

Axios manbalarining ta’kidlashicha, rejaga mojaroga aloqador barcha tomonlar uchun to‘liq amnistiya bandi kiritilgan. Hujjatda kelgusida da’vo qilmaslik va sud jarayonlarini boshlamaslik majburiyati ko‘rsatilgan.

Teglar

Mavzuga oid

To‘qayev Trampning Ukrainaning taslim bo‘lishiga doir tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatladi | Vaqt.uz