Logo

Toshkent atrofidagi issiqxonalarda chiqindi va mazut yoqish taqiqlandi

Kecha 21:153 daqiqa

Joriy yilning 15-oktabridan kelgusi yilning 15-martiga qadar Toshkent va unga tutash hududlardagi issiqxonalar faoliyati dronlar hamda zamonaviy kuzatuv vositalari yordamida uzluksiz ekologik monitoring qilinadi.

Toshkent atrofidagi issiqxonalarda chiqindi va mazut yoqish taqiqlandi © Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Toshkent shahri va unga tutash beshta tumandagi issiqxonalar faoliyatida tabiiy gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanishga ruxsat beriladi hamda shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moy va chiqindilarni yoqish qat’iyan taqiqlanadi. Bu haqda 13-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga issiqxonalar faoliyatiga «yashil» texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Qat’iy ekologik nazorat va qishki monitoring

Kuz-qish oylarida havo harorati inversiyasi va shamolning sustlashishi oqibatida poytaxt atrofida tashlamalar to‘planishining oldini olish maqsadida maxsus ekologik tartib joriy etilmoqda. Qattiq yoqilg‘ida ishlayotgan issiqxonalarga 1-dekabrga qadar muqobil manbalarga o‘tish taklif etiladi.

Qattiq yoqilg‘idan foydalanishni davom ettiruvchi xo‘jaliklarga faqatgina yoqilg‘ini yopiq joyda saqlash, avtomatlashtirilgan qozonlar va samarali chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatish, kul va shlakni xavfsiz yig‘ish sharoitini yaratish, zaxira generatoriga ega bo‘lish hamda tutun mo‘risining minimal balandlik me’yoriga muvofiqligi kabi qat’iy texnik talablar asosidagina ruxsat beriladi.

Joriy yilning 15-oktabridan kelgusi yilning 15-martiga qadar issiqxonalarda dronlar va jamoatchilik nazorati vakillari ishtirokida doimiy ekologik monitoring olib boriladi. O‘lchov uskunalari va videokuzatuv vositalaridan olinadigan ma’lumotlar Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi. Chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatmagan, tashlamalar me’yorini buzgan yoki taqiqlangan yoqilg‘i ishlatgan obyektlarga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanilib, zarur hollarda ularning faoliyati to‘xtatiladi.

Moliyaviy ko‘mak va soliq imtiyozlari

Issiqxona xo‘jaliklarining yangi talablarga moslashishini ta’minlash uchun maxsus moliyaviy ko‘mak paketi ishlab chiqilgan. Ekologik va energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatganlik uchun har gektar hisobiga 50 million so‘mgacha subsidiya hamda yetti yil muddatga 3 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Monitoring uskunalarini xarid qilish xarajatlarini yengillashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Shaxsiy tomorqalardagi issiqxonalar uchun 2030 yilgacha yer va mol-mulk soliqlari 50 foizga kamaytiriladi, aylanmadan olinadigan soliq bekor qilinadi hamda energiya tejamkor tizimlar sarflagan elektr energiyasi xarajatining teng yarmi qoplab beriladi. Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi xonadonlarga «yashil» energiya manbalarini joriy etish uchun 100 million so‘mgacha grant, yangi «yashil» issiqxona qurishga 300 million so‘mgacha, mavjudini qayta jihozlashga esa 150 million so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Shu bilan birga, 50 ta mahallada ehtiyojmand oilalar uchun ekologik xavfsiz issiqxonalar barpo etiladi. Ifloslangan drenaj va filtr suvlarini yig‘ish hamda qayta ishlatish maqsadida Ohangaron tumanida maxsus infratuzilma yaratiladi.

Issiqxonalarni Sherobodga ko‘chirish va yangi agrologistika obyektlari

Iqlimi qulay hududlarda zamonaviy issiqxonachilikni kengaytirish maqsadida Sherobod tumanidagi «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasida 940 gektar yer ajratilib, hududning master rejasi ishlab chiqildi. Banklar balansidagi, shuningdek, Toshkent shahri va viloyatidagi issiqxonalarni ushbu zonaga ko‘chirish rejalashtirilmoqda.

Mazkur erkin iqtisodiy zonada investorlar uchun besh yil davomida yer ijarasiga nol stavka qo‘llaniladi va ular besh yil muddatga yer, mol-mulk va foyda soliqlaridan hamda olib kelinadigan uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi. Kanalizatsiya va yer osti suvlari to‘lovlari bo‘yicha ham uch yillik imtiyoz beriladi. Qiymati 10 million dollardan yuqori bo‘lgan loyihalar hamda Toshkentdan ko‘chiriladigan issiqxonalar uchun yer uchastkalari normativ qiymatining bor-yo‘g‘i 1 foizi miqdoridagi boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqariladi. Zonaning 400 gektar maydonida issiqxonalar va agrologistika obyektlari barpo etilib, investorlarga tayyor loyiha sifatida sotiladi. Infratuzilma yaratishga 220 milliard so‘m, loyihalarni moliyalashtirishga 200 milliard so‘m yo‘naltirish hamda 2027 yilda 100 million dollar investitsiya jalb qilish belgilandi.

Mutasaddi rahbarlarga issiqxonalarning joylashuvi va energiya resurslarini aks ettiruvchi raqamli xarita ishlab chiqish hamda mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotish imkoniyatlarini kengaytirish vazifasi yuklatildi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkent atrofidagi issiqxonalarda chiqindi va mazut yoqish taqiqlandi | Vaqt.uz