add

Toshkent bosh rejasiga o‘zgartishlar kiritiladi — Qurilish vazirligi

Kecha 17:162602 daqiqa

Qo‘riqlash rejimi joriy etilgan hududlar, bosh reja tasdiqlanishidan oldin kim oshdi savdosiga chiqarilgan yerlar, cheklangan qavatli yer uchastkalari qayta ko‘rib chiqiladi.

Toshkent bosh rejasiga o‘zgartishlar kiritiladi — Qurilish vazirligi

Toshkent shahrining 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga o‘zgartishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 17-dekabr kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Xidoyatov tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qildi. O‘zgartishlar asosan bosh reja qabul qilinishidan oldin auksionga qo‘yilgan yer uchastkalariga taalluqli bo‘ladi.

Muammo Sergeli tumanida yer uchastkasini elektron E-auksion platformasi orqali xarid qilgan tadbirkor Komiljon Islomov murojaatidan keyin kun tartibiga chiqdi. Uning aytishicha, yer xarid qilinganidan so‘ng qabul qilingan bosh rejaga ko‘ra mazkur hudud qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadigan zonaga kiritilgan va bu yerda har qanday qurilish ishlari taqiqlangan. Tadbirkor bu holatni Toshkentdagi jiddiy tizimli muammo sifatida baholadi.

Qurilish vaziri ushbu muammoni tan oldi. Uning ta’kidlashicha, bosh reja tasdiqlanishidan oldin E-auksion orqali sotuvga chiqarilgan ayrim yerlar hozirda qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadigan zona yoki qavatlilik cheklovi mavjud hududlarga to‘g‘ri kelib qolgan. Shu bois hukumat darajasida huquqiy yechim tayyorlanmoqda.

Xidoyatovning ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasi Milliy barqaror urbanizatsiya va uy-joy bozorini rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Qaror loyihasida har bir holat alohida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

«Imkoniyat bo‘lgan joylarda qurilishga ruxsat beriladi. Ammo ayrim uchastkalarda imkoniyat yo‘q. Bunday hollarda hokimiyatlar tomonidan tadbirkorlarga to‘langan mablag‘lar qaytarib beriladi», — dedi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qaror bir oy ichida qabul qilinishi kutilmoqda. Shundan so‘ng bosh planga qabul qilinishidan oldin auksionga chiqarilgan yer uchastkalari bo‘yicha tegishli o‘zgartishlar kiritiladi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil oxirida tasdiqlangan Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan bosh planiga ko‘ra, poytaxt hududi konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan. Ayrim loyihalar esa belgilangan qavatlilik talablariga zid ekani tanqidlarga sabab bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid