Logo

Toshkent klubida chuqur inqiroz: «Bunyodkor» pul yo‘qligi sabab Navoiyga bora olmadi

Bugun 21:321 daqiqa

Klub «Qizilqum»ga qarshi 30-iyul kungi o‘yinda ishtirok etish uchun yo‘l chiptasi, mehmonxona va ovqatlanish xarajatlariga pul topolmagan.

Toshkent klubida chuqur inqiroz: «Bunyodkor» pul yo‘qligi sabab Navoiyga bora olmadi © Foto: FCBunyodkor.com

«Bunyodkor» Superliganing 15-turidan o‘rin olgan «Qizilqum»ga qarshi uchrashuvda ishtirok eta olmasligini Professional futbol ligasiga rasman ma’lum qildi. Mazkur o‘yin 30-iyul kuni Navoiy shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

PFL ma’lumotiga ko‘ra, klub Ligaga yo‘llagan xatda og‘ir moliyaviy ahvol tufayli jamoani safarga yuborish imkoni yo‘qligini bildirgan. Xususan, yo‘l chiptalari, mehmonxona xarajatlari va delegatsiya a’zolarining ovqatlanishi uchun mablag‘ mavjud emasligi qayd etilgan.

Avvalroq jamoa bosh murabbiyi va bir qator futbolchilar ham bir necha oydan beri maosh olmayotgani hamda klub bazasida jiddiy muammolar mavjudligini ochiq aytgan edi.

Texnik mag‘lubiyat yoziladi

PFLning bildirishicha, Superliga reglamentiga muvofiq, «Qizilqum» — «Bunyodkor» uchrashuvida ishtirok etmagan mehmon jamoaga texnik mag‘lubiyat yoziladi.

Shu bilan birga, agar mavsum davomida bunday holat yana bir marta takrorlansa, «Bunyodkor»ni Superliga musobaqasidan chetlashtirish masalasi Liga Ijroiya qo‘mitasi muhokamasiga kiritiladi.

PFL, shuningdek, «Qizilqum» — «Bunyodkor» uchrashuvini tashkil etish bilan bog‘liq barcha tashkiliy ishlar to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkent klubida chuqur inqiroz: «Bunyodkor» pul yo‘qligi sabab Navoiyga bora olmadi | Vaqt.uz