
Toshkent va Andijonda havo ifloslanishi xavfli darajaga yetdi
O‘zgidromet poytaxt va Andijon aholisini havodagi yuqori ifloslanish haqida ohoglantirdi

10-noyabr kechidan boshlab Toshkent shahrida havo tarkibidagi zararli moddalar me’yordan ancha oshib ketdi. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, axborot stansiyalarining kuzatish natijalarida havodagi mayda zarralar miqdori so‘nggi sutkada keskin ko‘paygan.
Xususan, diametri 2,5 mikrometrgacha bo‘lgan RM2,5 turidagi zarralarning konsentratsiyasi 143 mkg/m³ ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich milliy standart bo‘yicha belgilangan sutkalik me’yordan (60 mkg/m³) qariyb 2,4 barobar yuqori. Shuningdek, RM10 turidagi zarralar miqdori 189 mkg/m³ bo‘lib, belgilangan chegara (300 mkg/m³) ichida qoldi.
Mutaxassislar havo ifloslanishi ayniqsa kechki va tonggi soatlarda kuchayayotganini qayd etmoqda. Shu sababli, fuqarolarga uy ichida bo‘lish, tozalash vositalaridan foydalanish, hamda tashqi faoliyatni cheklash tavsiya etilmoqda.
Andijon shahrida ham havo ifloslanishi xavfli darajaga yetgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, RM2,5 zarralar konsentratsiyasi 314 mkg/m³ ni tashkil etgan bo‘lib, bu yillik me’yordan (35 mkg/m³) deyarli 9 barobar yuqori hisoblanadi. Mahalliy aholidan ham himoya niqoblaridan foydalanish so‘raldi.
Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti me’yorlariga ko‘ra, havodagi RM2,5 turidagi zarralar sutkalik 15 mkg/m³, RM10 turidagi zarralar esa 45 mkg/m³ dan oshmasligi lozim.





