
Toshkent viloyatida 24 tup tol noqonuniy kesilgani aniqlandi
Tabiatga yetkazilgan zarar 218 million so‘m deb baholanmoqda.

Toshkent viloyati Piskent tumanidagi Lolariq mahallasida fuqaro murojaati asosida o‘tkazilgan tekshiruv davomida «Yangi zamin bog‘dorchilik va uzumchilik shirkati» hududida joylashgan «Sh.» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer maydonining chetida o‘sgan 24 tup tol daraxti noqonuniy ravishda kesib tashlangani ma’lum bo‘ldi.
Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi rahbari Barhayot Meliyev boshchiligidagi ishchi guruh voqea joyiga chiqib holatni o‘rgangan.
O‘rganish chog‘ida daraxtlar belgilangan tartibdagi ruxsatnomasiz kesilgani aniqlangan. Fermer xo‘jaligi rahbaridan tushuntirish xati olinib, qonunbuzarlik bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Mutasaddilarga ko‘ra, kesilgan tollar tabiiy muhitga sezilarli zarar yetkazgan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22-avgustdagi 464-son qaroriga muvofiq, yetkazilgan ekologik zarar 218,566 million so‘m etib hisoblangan. Mazkur summa daraxtlarning yoshi, holati va ekologik ahamiyatidan kelib chiqib hisoblangani ma’lum qilindi.
Ekologiya idorasi to‘plangan materiallarni huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborgan. Tegishli organlar tomonidan fermer xo‘jaligi rahbarining javobgarligi qonun doirasida ko‘rib chiqiladi. Bosh boshqarma bu kabi holatlar yuzasidan nazorat mustahkamlanishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidagi Oqtepa kanalining rekonstruksiyasi paytida mingga yaqin daraxt kesib tashlangani haqida xabar berilgan edi.





