
Toshkent–Xiva yo‘nalishidagi tezyurar poyezdlar 2026-yilning martidan ishga tushadi
Yangi elektropoyezdlar yo‘lga ketadigan vaqtni 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqartirib, yo‘lovchilar tashish sifatini oshirishni maqsad qilgan.

Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi ishlab chiqargan yuqori tezlikdagi elektropoyezdlar Toshkent–Xiva yo‘nalishida 2026 yilning ikkinchi choragidan so‘ng qatnay boshlaydi. Ilk tarkibning O‘zbekistonga 2026 yil yanvar–fevral oylarida yetib kelishi kutilmoqda. Shundan so‘ng poyezdlar uch oy davomida dinamik sinovlardan o‘tkaziladi va aprel–iyun oylarida birinchi tijoriy reys amalga oshiriladi.
Yangi poyezdlar «Jaloliddin Manguberdi» deb nomlanadi va hozirgi 14 soatlik safar vaqti 7,5 soatgacha qisqaradi. Toshkent-Xiva yo‘nalishining uzunligi 1286 kilometrni tashkil etib, poyezdning o‘rtacha harakat tezligi 171 km/hʼdan oshadi. Maksimal tezlik esa 250 km/hʼga yetadi.
Hyundai Rotem poyezdlari mahalliy iqlim sharoitlariga moslashtirilgan. Ular 50 darajagacha issiq va minus 40 darajagacha sovuq haroratlarda barqaror harakatlana oladi. Cho‘l hududlari uchun mo‘ljallangan changdan himoyalangan konstruksiya poyezdlarni qumli shamollarda ham ishonchli qiladi.
Har bir elektropoyezd yetti vagondan iborat bo‘lib, beshta ekonom va ikkita biznes klass vagonini o‘z ichiga oladi. Umumiy uzunligi 175 metr bo‘lgan tarkib 389 nafar yo‘lovchini qabul qila oladi. Ushbu poyezdlar Afrosiyob’ga nisbatan qisqaroq bo‘lsa-da, sig‘imi yuqoriroq hisoblanadi.
«Temiryulekspress» ma’lum qilishicha, 2027 yilgacha yana beshta shunday poyezd yetkazib beriladi. Loyihaning umumiy qiymati 185 mln yevroni tashkil etib, moliyalashtirish Janubiy Koreyaning Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi va Koreya eksport import banki orqali amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Jaloliddin Manguberdi» nomi berilgan yangi tezyurar poyezdlar Hyundai Rotem va «O‘zbekiston temir yo‘llari» o‘rtasida 2024 yil iyun oyida imzolangan 200 mln dollarlik shartnoma doirasida ishlab chiqarilmoqda.
Avvalroq Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portida O‘zbekiston uchun ishlab chiqarilgan va «Jaloliddin Manguberdi» nomi berilgan Hyundai Rotem tezyurar yo‘lovchi poyezdlarining birinchi partiyasi rasmiy tarzda jo‘natilgani haqida xabar bergan edik.





