Toshkentda 12 ta sun’iy ko‘l va «Daryo bo‘yi» majmuasi barpo etiladi

Bektemir kanali bo‘yida 187,3 gektar maydonda «yashil belbog‘» yaratiladi, sayilgohlar barpo etiladi.

Toshkentda 12 ta sun’iy ko‘l va «Daryo bo‘yi» majmuasi barpo etiladi

Poytaxtda aholi uchun qulay sharoitlar va salqin mikroiqlim yaratish maqsadida sun’iy ko‘llar soni 12 taga yetkaziladi hamda Chirchiq daryosi va kanallar bo‘ylari obodonlashtiriladi. Bu haqda bugun, 29-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga gidroenergetika va infratuzilma loyihalari yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Chirchiq daryosining Toshkent hududidan o‘tuvchi 16 kilometr qismida 306 gektar yer maydonini o‘z ichiga olgan «Daryo bo‘yi» loyihasi amalga oshiriladi. Bunda qirg‘oqlarni mustahkamlash, yashil hududlar barpo etish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish ishlari bajariladi. Shuningdek, Bektemir kanali bo‘yida 187,3 gektar maydonda «yashil belbog‘» yaratilib, piyodalar va veloyo‘laklar, ichki yo‘llar, yoritish tizimlari hamda ko‘priklar quriladi.

Poytaxtda 4 ta sun’iy ko‘l va suv havzalarini tashkil etish loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezident aholi uchun qulay sharoitlar, shaharda salqin mikroiqlim yaratishga bu kamlik qilishini qayd etib, ko‘llar sonini 12 taga yetkazishni topshirdi.

Teglar

Mavzuga oid