add

Toshkentning chang havosi suv sepib tozalanmoqda

Kecha 14:231822 Daqiqa

Poytaxtda yuqori changlanish sharoitida havodagi PM zarralarini kamaytirish maqsadida yo‘l qoplamalariga suv sepilib, yashil hududlarni sug‘orish hamda favvoralar va mikroiqlim qurilmalarini ishga tushirish bo‘yicha maxsus rejim joriy etildi.

Toshkentning chang havosi suv sepib tozalanmoqda

Toshkent shahrida havo ifloslanishi kamaytirish maqsadida yo‘l qoplamalariga suv sepilib, yashil hududlarni sug‘orish hamda favvoralar va mikroiqlim qurilmalarini ishga tushirish bo‘yicha maxsus rejim joriy etildi. Bi haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l qoplamasini namlash — bir necha soat ichida chang konsentratsiyasini pasaytiruvchi eng samarali usullardan biri hisoblanadi. Shu asosda Toshkent shahar hokimligi va Obodonlashtirish boshqarmasi yo‘llar va yaqin hududlarni namlash ishlarini boshlagan.

Tadbir doirasida mavsum tugaganiga qaramay, shahar bo‘ylab favvoralar va mikroiqlim qurilmalari qayta ishga tushirilgan. Mutaxassislar bu choraning ilmiy asosga ega ekanini aytmoqda: yo‘l namlanganida PM10 va PM2.5 kabi mayda zarralar suv bilan birikib, havoga qayta ko‘tarilmaydi.

Shuningdek, avtomobillar harakati natijasida yuzaga keladigan «ikkilamchi changlanish» ham sezilarli darajada kamayishi ta’kidlandi. Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, shaharlardagi PM chiqindilarining 25–40 foizi aynan shu jarayon hissasiga to‘g‘ri keladi. Yo‘lning namligi esa bu ko‘rsatkichni ancha pasaytiradi.

Namlash jarayoni mikroiqlimni ham sovitib, haroratning keskin ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Harorat yuqori bo‘lgan holatda chang havoda uzoq saqlanib, ifloslantiruvchi moddalar reaksiyalari tezlashadi. Yo‘llar va yashil hududlarni namlash orqali bu jarayon sekinlashtirilib, zarrachalarning tezroq cho‘kishi ta’minlanadi.

Mutaxassislar yashil hududlarning sug‘orilishi nafaqat parvarish, balki tabiiy filtrlarni qo‘llab-quvvatlash ekanini ham qayd etmoqda. Daraxt va butalar havodagi PM zarralarini barg orqali ushlab qoladi va umumiy ifloslanish darajasini pasaytiradi.

Toshkent hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘llarga suv sepish muammoni to‘liq hal qilmasa-da, bir necha soat ichida chang qobig‘ini sezilarli tarzda kamaytiruvchi muhim chora hisoblanadi. Bu jarayon shaharda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ifloslanishga qarshi ishlar — issiqxona xo‘jaliklaridagi reydlar, qozonxonalarga filtrlar o‘rnatish, ekologik nazoratni kuchaytirish kabi chora-tadbirlar bilan uyg‘un ravishda amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Toshkentda havo sifati inson salomatligi uchun o‘ta xavfli darada bo‘lib turibdi.

Teglar

Mavzuga oid