add

«Tramp effekti» UEFA budjetiga zarba berdi

Bugun 08:582 daqiqa

AQSH dollarining keskin qadrsizlanishi Yevropa futbolining moliyaviy barqarorligiga ham ta’sir qildi — UEFA o‘tgan mavsumni yirik yo‘qotish bilan yakunladi.

«Tramp effekti» UEFA budjetiga zarba berdi

Yevropa futboli geosiyosiy o‘zgarishlardan chetda qolmadi. UEFA 2024–2025 yillar mavsumi bo‘yicha moliyaviy hisobotida valuta kurslaridagi keskin o‘zgarishlar sabab jiddiy yo‘qotishlarga uchraganini ma’lum qildi. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, dollar kursining pasayishi tufayli UEFA taxminan 47 mln yevro, ya’ni 54 mln dollar atrofida zarar ko‘rgan, deb xabar bermoqda ESPN.

Hisobotda qayd etilishicha, 2025 yilning ilk oylarida AQSH dollari boshqa asosiy valutalarga nisbatan taxminan 9 foizga qadrsizlangan. Iqtisodchilar buni AQSHda siyosiy muhit o‘zgarishi, jumladan, Donald Trampning Oq uyga qaytishi ortidan investorlar ishonchi pasayishi va bozorlarda noaniqlik kuchayishi bilan izohlamoqda.

UEFA hisobotida ta’kidlanishicha, avvalgi yillarda kuchli dollar tashkilot uchun qo‘shimcha foyda manbai bo‘lib kelgan. Biroq 2025 yil mart oyidan boshlab vaziyat teskari tomonga burildi. «Iqtisodiy, bozor va geosiyosiy dinamika tufayli dollar tez sur’atda zaiflashdi va bu valuta farqlaridan kelib chiqadigan yo‘qotishlarni keskin oshirdi», — deyiladi hujjatda.

Valuta yo‘qotishlari UEFAning umumiy moliyaviy natijasiga ham bevosita ta’sir qildi. Mavsum yakunlariga ko‘ra, tashkilot 46,2 mln yevro miqdorida sof zarar bilan qoldi. Bu yo‘qotishlar strategik zaxiralar hisobidan qoplandi, natijada iyun oyi oxiriga kelib rezervlar hajmi 521,8 mln yevrogacha qisqardi.

Bu ko‘rsatkich UEFA uchun xavfli chegaraga yaqin. Chunki tashkilot kamida 500 mln yevro zaxirani saqlab turish orqali 55 ta milliy federatsiyaga to‘lovlar va xalqaro musobaqalarni kafolatlashni maqsad qilgan. UEFA dollarda katta hajmda aktiv saqlashini xedjlash siyosati bilan izohlaydi, ammo kurs qulashi sharoitida katta yo‘qotishlardan qochib bo‘lmasligini tan olmoqda.

Teglar

Mavzuga oid