Tramp: «Eron bilan urushda ortiq NATOning yordami kerak emas»

Bugun 08:552 daqiqa

AQSH Prezidenti Donald Tramp Shimoliy Atlantika alyansi davlatlari Eronga qarshi harbiy amaliyotga qo‘shilishdan bosh tortganini ma’lum qildi va Vashington bundan buyon hech kimning ko‘magiga muhtoj emasligini aytdi.

Tramp: «Eron bilan urushda ortiq NATOning yordami kerak emas»

Donald Tramp «Truth Social» tarmog‘idagi sahifasida AQSHning harbiy muvaffaqiyatlari tufayli «NATO» davlatlarining yordamiga ehtiyoj qolmaganini, aslida bu yordam hech qachon kerak bo‘lmaganini ta’kidladi. AQSH prezidentining fikricha, alyans doim «bir tomonlama ittifoq» bo‘lib kelgan va qiyin vaziyatlarda AQSHni yolg‘iz qoldirgan. U nafaqat Yevropa davlatlarini, balki Yaponiya, Avstraliya va Janubiy Koreya kabi strategik hamkorlarni ham sustkashlikda aybladi.

Trampning ushbu bayonoti Vashingtonning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qamaldan qutqarish uchun xalqaro koalitsiya tuzishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishlaridan so‘ng yangradi. 14-mart kuni Oq uy rahbari dunyo yetakchilarini bo‘g‘oz xavfsizligini ta’minlash uchun harbiy kemalar yuborishga chaqirgan edi. Biroq ittifoqchilarning sukut saqlashi Trampni g‘azablantirdi va u 16-mart kuni bo‘g‘ozni ochishda qatnashmagan davlatlarni «juda yomon» istiqbol kutayotganidan ogohlantirdi.

Ittifoqchilarning qat’iy rad javobi

«Axios» nashrining Oq uydagi manbalariga ko‘ra, AQSHning asosiy hamkorlari Vashingtonning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha harbiy tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyor emas. Britaniya, Germaniya, Italiya va Kanada kabi davlatlar Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvga kirishishdan xavfsiramoqda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Parij hech qanday sharoitda bo‘g‘ozni ochish bo‘yicha harbiy amaliyotlarda ishtirok etmasligini keskin va ochiq bayon qildi.

Bunday pozitsiya Tramp ma’muriyati uchun kutilmagan zarba bo‘ldi. Vashington nafaqat Yevropa davlatlarini, balki Iordaniya va Fors ko‘rfazi mamlakatlarini ham koalitsiyaga jalb qilishga umid qilgan edi. Ittifoqchilarning bosh tortishi AQSHni Eron sohillarini bombardimon qilish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilish vazifasini bir o‘zi bajarishga majbur qilmoqda. Bu esa mintaqadagi harbiy xarajatlarning faqat Amerika soliq to‘lovchilari zimmasiga tushishini anglatadi.

Alyans kelajagi xavf ostida

Trampning «bizga hech kim kerak emas» qabilidagi chiqishlari «NATO»ning kelajagi borasidagi bahslarni yanada avj oldirdi. Prezidentning fikricha, AQSH boshqa davlatlarni himoya qilishda davom etmoqda, biroq ular Amerikaning hayotiy muhim manfaatlari xavf ostida qolganda chetda turishni afzal ko‘rishmoqda. Bunday «noteng» munosabat Trampni alyansdan chiqish yoki uni isloh qilish bo‘yicha yanada keskin qadamlar tashlashga undashi mumkin.

Hozir Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yuk tashish trafigining 90 foizga tushib ketgani global iqtisodiyotga zarba bermoqda. Agar AQSH ittifoqchilarsiz bo‘g‘ozni ochishga kirishsa, bu jarayon uzoqroq davom etishi va ko‘proq qurbonlar berilishiga olib kelishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid