add

Tramp Nyu York meri Mamdani bilan uchrashuvdan keyin u haqidagi fikrini o‘zgartirdi

Bugun 16:388232 Daqiqa

Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv Donald Tramp va Zohran Mamdani o‘rtasidagi keskin siyosiy bahslarni yumshatdi.

Tramp Nyu York meri Mamdani bilan uchrashuvdan  keyin u haqidagi fikrini o‘zgartirdi

AQSH prezidenti Donald Tramp Nyu Yorkning yangi saylangan meri Zohran Mamdani bilan Oq uyda o‘tkazgan uchrashuvdan keyin unga nisbatan munosabati sezilarli darajada o‘zgarganini ma’lum qildi.

AQSH prezidenti jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Mamdani bilan kutilganidan ko‘ra ko‘proq masalalarda yaqin qarashlarga egaligini ta’kidladi.

Tramp uchrashuv uni «rostdan ham hayratga solganini» aytib, Mamdanining jinoyatchilikni kamaytirish, uy-joy qurilishini rivojlantirish va ijara narxlarini pasaytirishga yo‘naltirilgan rejalarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Prezident avvalroq Mamdanini qattiq tanqid qilgan, hatto uni «kommunist» deb atagan va Nyu Yorkka federal mablag‘larni qisqartish bilan tahdid qilgan edi.

Shunga qaramay, Tramp bu gal Nyu Yorkka zarar yetkazishni istamasligini, aksincha, yangi ma’muriyatga yordam berish niyati borligini aytdi. Uning fikricha, Mamdani shahar uchun muhim ishlar qilish imkoniga ega va federal hukumat bu jarayonni qo‘llab-quvvatlashi kerak.

«Men unga zarar yetkazish o‘rniga yordam beraman, katta yordam ko‘rsataman, chunki Nyu York buyuk bo‘lishini xohlayman. Menimcha, bu mer haqiqatan ham bir nechta ulkan ishlarni amalga oshira oladi», degan Tramp.

Reuters yozishicha, Oq uydagi vaziyat kutilganidan ancha iliq kechgan. Prezident va 34 yoshli demokratik siyosatchining ilk uchrashuvi shunchaki rasmiy muloqot emas, balki siyosiy o‘yinlarni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yangi ish munosabatlarining boshlanishi sifatida baholangan.

Oq uy rahbari hatto Mamdani boshqaruvidagi Nyu Yorkda o‘zini ancha qulay his qilishini aytib o‘tdi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Mamdanining ijara haqlarini muzlatib qo‘yish, bepul bolalar parvarishi va ommaviy transportni arzonlashtirish haqidagi va’dalarini ro‘yobga chiqarish oson bo‘lmasa-da, Tramp bilan muloqotning ijobiy ruhda kechishi uning ma’muriyati uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, 34 yoshli demokratik siyosatchi Zohran Mamdaniy Nyu York shahar meri saylovida g‘alaba qozongan edi. U shahar tarixida bu lavozimni egallagan ilk musulmon sifatida tarixga kirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Tramp Nyu York meri Mamdani bilan uchrashuvdan keyin u haqidagi fikrini o‘zgartirdi | Vaqt.uz