Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirdi
AQSH prezidenti Donald Tramp Qrim anneksiyasi, Donbass urushi va Ukrainaga bosqin sabab joriy etilgan sanksiyalarni 2027-yilgacha uzaytirish qarorini qabul qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga nisbatan amaldagi sanksiya rejimini yana bir yilga uzaytirdi. Bu haqda Federal reyestrda e’lon qilingan rasmiy bildirishnomada aytildi. Hujjatga ko‘ra, cheklov choralari 2026-yil 6-martdan keyin ham o‘z kuchida qoladi.
Uzaytirish Jo Bayden ma’muriyati 2022-yil fevral oyida, Tramp ma’muriyati 2018 yil sentabrda hamda Barak Obama ma’muriyati 2014-yil mart va dekabr oylarida joriy etgan cheklovlarni qamrab oladi.
Tramp bildirishnomada «ushbu farmonlarda nazarda tutilgan harakatlar va siyosat AQSH milliy xavfsizligi va tashqi siyosati manfaatlariga favqulodda tahdid solishda davom etmoqda» deya ta’kidladi. Shu bois prezident «sanksiyaviy favqulodda holat rejimini yana bir yilga uzaytirish» qarorini qabul qilganini ma’lum qildi.
Sanksiyalar tarixi
Vashington Rossiyaga qarshi ilk cheklovlarni 2014 yil mart oyida, Ukrainadagi voqealar ortidan joriy etgan edi. Keyingi yillarda sanksiyalar bosqichma-bosqich kengaytirildi va uzaytirib kelindi.
2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq bosqinidan so‘ng cheklovlar keskin kuchaytirildi. Ular orasida Rossiya banklari, yirik kompaniyalar, tadbirkorlar va yuqori lavozimli amaldorlarga nisbatan moliyaviy va vizaviy cheklovlar mavjud. Shuningdek, qator tovarlar, texnologiyalar va xizmatlarni Rossiyaga eksport qilish taqiqlangan.
Budjet va geosiyosat
Tahlilchilarning fikricha, sanksiyalarning navbatdagi uzaytirilishi Vashingtonning Rossiyaga nisbatan qat’iy pozitsiyasi saqlanib qolayotganini anglatadi. Bu qaror AQSH tashqi siyosatida Ukraina masalasi ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda.





